Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Ohangaron tumanidagi “Infinity Copper Group” mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Loyiha Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilayotgani, uning umumiy qiymati 36 million dollarga teng ekani haqida ma’lumot berildi.

Bu yerda qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan, loyiha doirasida 14,9 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

O‘zbekistonga 2025-yilda 15 million dollarlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Mazkur korxona to‘liq ishga tushgach, 10 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Korxonada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 200 milliard so‘m byudjet tushumlari ta’minlanadi hamda 350 million dollarlik eksport amalga oshiriladi. Mahsulotlar Birlashgan Arab Amirliklari, AQSH, Afrika qit’asi hamda Yevropa davlatlariga yetkazib beriladi.

“Infinity Copper Group” O‘zbekistonda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab, jami to‘rtta ishlab chiqarish korxonasini o‘z ichiga oladi.

Prezidentimiz mamlakatimizda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari ulushini oshirish muhimligini ta’kidladi.

Bunday zamonaviy, raqobatbardosh korxonalar sonini ko‘paytirish orqali ichki bozor ehtiyojini to‘liq qondirish va eksport salohiyatini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.