Gulistonda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga muvofiq bir guruh sirdaryolik soha fidoyilariga davlatimizning yuksak mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda viloyatda ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan ustoz va murabbiylar, faxriylar, ziyolilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov barchani yaqinlashib kelayotgan O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklab, Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar natijasida ustozlar nufuzi tobora oshib borayotganini ta’kidladi.

Mazkur tantanali marosimda o‘qituvchi, murabbiylarga davlat mukofotlari topshirilar ekan, ularning soha taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi yana bir bor qayd etildi.
– O‘qituvchi sifatida 21 yildan buyon qadrdon maktabda faoliyat yuritib kelmoqdaman, – deydi Guliston shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika va informatika fani o‘qituvchisi, “Xalq ta’limi a’lochisi” Dilnora Tishlikova. – Prezidentimizning farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishim hayotimda unutilmas voqea bo‘ldi. Bunday e’tibor va rag‘bat bizga kuch bag‘ishlaydi. Yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga intilayotgan shogirdlarimning yutuqlari esa quvonchimga quvonch qo‘shmoqda. Masalan, 9-sinf o‘quvchisi Javohir Zokirjonov informatika bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda “Gran Pri” sovrindori bo‘ldi, Xalqaro “Zhautykov” olimpiadasida g‘oliblik sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Hozirda Sirdaryo viloyatida maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimida 163 mingdan ziyod o‘quvchiga 13 414 nafar ustoz ta’lim bermoqda. Bu yil viloyatdagi 313 ta umumta’lim, 10 ta ixtisoslashtirilgan, Prezident hamda H. Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktablarini qariyb 10873 nafar o‘quvchi tamomladi. Ulardan 29 nafari xalqaro olimpiadalar, 12 tasi Respublika miqyosida o‘tkazilgan asosiy olimpiada musobaqalari, 17 tasi qo‘shimcha olimpiadalar sovrindoriga aylanishdi, 4 mingdan ziyod bitiruvchi esa nafaqat yurtimizdagi, balki Chikago universiteti kabi nufuzli xorijiy ta’lim muassasalarining talabasi bo‘ldi. Bu — ustozlar mehnatining samarasidir.

– Yangi o‘quv yili ustoz va murabbiylarimiz uchun muvaffaqiyatli boshlandi, – dedi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva. – Faqat shu yilning o‘zida 116 ta ta’lim muassasasida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, maktablarimiz zamonaviy kompyuter va interaktiv doskalar bilan ta’minlandi.

Kutubxonasi yo‘q maktablarda esa zamonaviy kutubxonalar barpo etilmoqda. Shu bilan birga, yaqin vaqt ichida ta’lim sifatini oshirish va ustozlar nufuzini yuksaltirish maqsadida 1 700 nafar o‘qituvchi malaka oshirish kurslariga yuboriladi.

55 nafar ustoz Turkiya va Ozarbayjonda stajirovka o‘taydi, 75 nafar maktab direktori esa menejerlik kurslarida o‘qitiladi. Aytish joizki, bu kabi islohotlar sohadagi yangilanish va o‘zgarishlarning amaliy ifodasi, ustoz va murabbiylar mehnatining yuksak qadrlanishidir.
G‘ulom Primov, O‘zA