bugungi kunda yurtimiz farovonligiga eng ko‘p hissa qo‘shayotganlar tadbirkorlardir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘z mahsuloti bilan ichki va tashqi bozorlarni ta’minlayotgan va bu orqali davlat xazinasiga foyda keltirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari talaygina.
G‘ozg‘on shahridagi “Ppemier textile” korxonasi “O‘zpaxtasanoat” AJ ta’sischiligida 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Rossiyaning “TEKSTIL TORG” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko‘ra ishchilar uchun maxsus kiyim-bosh yetkazib berishni namunali yo‘lga qo‘ya olgan korxona uchun xorijiy kompaniya shartnoma muddatini uzaytirib bormoqda.

100 o‘rinli “Ppemier textile” MCHJda bir oyda 6000 ga yaqin kiyim-bosh tikiladi. Ish konveyer usulida yo‘lga qo‘yilgan. Ishchi-xizmatchilar uchun shart-sharoitlar namunali tarzda tashkil qilingan. Tikuvchilarning korxonaga qatnovi uchun alohida avtobuslar ajratilgan. Shuningdek, ularning tushliklari ham korxonaning o‘zida tayyorlanadi.
- 2021 yilning o‘zida 1 million 200 ming dollarlik eksportni amalga oshirdik. Bitta xorijiy kompaniya bilangina ishlayapmiz. Lekin chiqarayotgan mahsulotimizga kun sayin talab ortib bormoqda. Sentyabrgacha korxonamizning ikkinchi blogini ham ishga tushirmoqchimiz. Bu bilan G‘ozg‘onning o‘zida yana 100 kishining bandligini ta’minlaymiz,-deydi “Ppemier textile” MCHJ rahbari M.Pirmuhamedov.
Tikuvchi qizlar jamoasi G.Tosheva esa bu yerda korxona barpo etilgani g‘ozg‘onlik xotin-qizlarga katta qulaylik bo‘lganini aytadi.

- Uch nafar farzandim bor. Birgina turmush o‘rtog‘imning topgani bilan ro‘zg‘or tebratar edik. Mahallaning yordamida tikuvchilik kursiga o‘qib oldim va shu yerga ishga joylashdim. Oilamga moddiy tomondan foydam tegayotganidan xursandman, - deydi tikuvchi ayol F. Nurbekova.
O‘zLiDeP G‘ozg‘on shahar Kengashi “Ppemier textile” korxonasi bilan doimiy aloqada. Kengash tomonidan uyushtiriladigan partiyaviy tadbirlar korxona qoshida tashkil etilgan boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zolari bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tadi. Bu esa o‘z o‘rnida ishchi-xodimlarning bir maslakka birlashuviga xizmat qiladi.
M.Pirnafasova,
O‘zLiDeP Navoiy viloyati matbuot kotibi