Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlatga 5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazgan “tadbirkor” fosh etildi
11:10 / 2023-04-04

Energiya resurslaridan maqsadli foydalanish bugun har qachongidan ham muhim. Kundalik hayotimizda bunga ehtiyoj kun sayin oshib bormoqda. Ayniqsa, bu yilgi qish mavsumida energiyaning qanchalik zarur va qimmatli ekanligini yana bir bor his qildik.

Afsuski, ana shu haqiqatni bila turib, energiya resurslaridan maqsadsiz foydalanayotgan yoki uni haqini to‘lashni unutib qo‘yayotgan shaxslar uchramoqda.  

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvlarda ana shunday “nafsi hakalak otgan” kimsalarning qing‘ir ishlari fosh etildi.  

Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro A.A. tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan, tabiiy gaz va elektr energiyasiga noqonuniy ulangan holda ohak ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgani aniqlandi.  

Ma’lum bo‘lishicha, bu uddaburon “tadbirkor” qonunga xilof tarzda Kattaqo‘rg‘on shahri va tumanidagi uchta hovlida, 33 sotix yer maydonida uchta ohak sexi tashkil etgan. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumanining Go‘zal mahallasi hududida joylashgan ikkita hovlida 4 ta pech o‘rnatib, tabiiy gaz va elektr energiyasidan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelgan.  

Fuqaroning bu xatti-harakatlari oqibatida yetkazilgan zararning dastlabki hisobi elektr energiyasi bo‘yicha 110 million so‘mni, tabiiy gaz bo‘yicha 5 milliard so‘mdan ortiqni tashkil qildi.  

Mazkur qonunbuzilish holati huquq-tartibot idoralari tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.  

G‘.Hasanov, O‘zA