Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat-xususiy sheriklik: Cuv xo‘jaligi sohasida 260 ta loyiha amalga oshiriladi 
14:42 / 2022-02-25

Ma’lumki, mamlakatimiz qurg‘oqchil hududlar qatoriga kiradi. Davlat iqtisodiyotining asosiy manbai esa qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishdagi katta salohiyatga, layoqatga bog‘liqdir. Respublika yerlarning unumdor qismi sug‘oriladigan yerlarga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, bu suvsiz amalga oshmaydi.

Xo‘sh, suv muammolariga yechim topishda bugun qanday choralar amalga oshirilmoqda? 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Mirzayev ma’lumotlariga ko‘ra, vazirlik tomonidan 2020 yilda 8 ta, 2021 yilda 100 ta loyiha yuzasidan xususiy sheriklar bilan bitimlar imzolangan. 

Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 1 trillion 333 milliard so‘mni tashkil etib, dastlabki yillarda xususiy sheriklar tomonidan 146,3 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari kiritish va buning natijasida 144,5 milliard so‘m byudjet mablag‘larini iqtisod qilish ko‘zda tutilgan. 

Hozirgi kunda 8 ta loyihaning dastlabki hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli xulosalar olish uchun Moliya vazirligiga taqdim etilgan. Shu bilan birga 23 ta loyiha bo‘yicha hujjatlar tayyorlanmoqda va 21 ta loyiha  yuzasidan xususiy sheriklar bilan muzokaralar davom etmoqda. 

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanidagi “Bekyab 48” nasos stansiyasini “Ubaydullayev Batirbay” klaster tashkiloti boshqaruviga olish bo‘yicha taklif tushgan. Umumiy qiymati 5 milliard  438 million so‘mlik loyiha doirasida xususiy sherik tomonidan dastlabki 2  yilda nasos stansiyasini yangi joyga ko‘chirish va modernizatsiya qilish uchun 2 milliard 200 million so‘m investitsiya kiritish hamda loyiha muddati davomida ekspluatatsiya xarajatlarini to‘liq zimmasiga olib, buning uchun  3 milliard 239 million so‘m mablag‘ yo‘naltirish taklifini bildirgan.  Mazkur loyiha xususiy sherik tomonidan jami xarajatlar qaytarmaslik sharti bilan amalga oshiriladi. 

Shuningdek, 2022-2026 yillarga muljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida 260 ta suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish bo‘yicha loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.  


Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA