Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat-xususiy sherikchiligi deputatlar nazoratida
17:45 / 2021-03-23

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi «Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini o‘rganish maqsadida Kogon shahridagi «Kogon Kamalak» Davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining faoliyati o‘rganildi. Unda partiya faollari, boshlang‘ich partiya tashkiloti raislari, deputatlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Tadbirda partiya viloyat Kengashi biznes tuzilmalar, fermerlar va aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘limi mudiri Sanjar Bakayev tomonidan maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va takomillashtirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan boshqarishning samarali tizimini yaratish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, qabul qilinayotgan qarorlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.  

Shu bilan birga o‘tkazilgan tahlillar, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish-ta’mirlash ishlarini tashkil etish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, hududlarni obodonlashtirish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi ishlar ayniqsa joylarda hamon oqsayotganligi, past darajada qolib ketayotganligi tanqid ostiga olindi.  

– Maktabgacha ta’lim tashkilotimiz davlat rahbarining tashabbusi bilan bunyod etildi, – deydi «Kogon Kamalak» Davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining rahbari, xalq deputatlari Kogon shahar Kengashi deputati Mohigul Jo‘rayeva. 

– Kogon shahar hokimligi tomonidan 2800.0 kv.metr yer ajratildi. Bino 2 milliard 100 million so‘m imtiyozli kredit asosida qurildi. Yuz o‘ringa mo‘ljallangan muassasada ayni kunda 80 nafar bolajon ta’lim-tarbiya olmoqda. Ta’lim muassasasi rus tiliga ixtisoslashgan bo‘lib, qo‘shimcha ingliz va koreys tillari o‘rgatiladi. Shuningdek, mental arifmetika, taekvando va gimnastika sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tomonidan mashg‘ulotlar olib boriladi. Bolalarga 5 mahal issiq ovqat beriladi.  

Deputatlar Davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining faoliyatini o‘rganish davomida yuzaga kelayotgan muammolar bilan qiziqdi. Aniqlangan muammolar joyida hal qilindi. Shuningdek, ba’zi muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari chiqarilib, ularning yechimi partiyaviy nazoratga olindi.  

 

Zarif Komilov, O‘zA