Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari markazlarida nogironlar uchun imtiyozlarni to‘liq amalga oshirish lozim
13:29 / 2025-09-18

Bugungi kunda mamlakatimizda davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasidagi ishlar natijasida davlat xizmatlari markazlari orqali 750 dan ortiq turdagi xizmatlar aholiga taqdim etilmoqda. Bu esa odamlarning ovora bo‘lmasdan, ortiqcha vaqt sarflamasdan, tezkor va qulay tarzda o‘z yumushlarini hal etishlariga ko‘mak bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan hamda ijtimoiy himoya yagona reyestrida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar uchun davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xizmatlardan foydalanishda 50 foizli imtiyozlar berilgan. Olis hududlarda faoliyat yuritayotgan mahallalarda esa har oyda kamida ikki marta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilishi belgilangan.  

Parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat xizmatlarini raqamlashtirish, aholiga “Servis davlat” tamoyillari asosida xizmat ko‘rsatish va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun inklyuziv muhit yaratish borasidagi ishlar holatini o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida davlat xizmatlari markazlarida inklyuziv muhit yaratish, eshitish va nutq bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga surdotarjimon xizmatlarini ko‘rsatish, bino va infratuzilmalarning nogironlar ehtiyojlariga moslashganligi bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi. E’tiborlisi, tuman va shaharlarda “Madad” NNT bilan hamkorlikda huquqiy maslahat byurolari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.  

Xalq vakillari muloqotlar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xizmatlarda qonuniy imtiyozlarni to‘liq amalga oshirish, inklyuziv muhitni yanada rivojlantirish va imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun teng sharoitlar yaratish, “Servis davlat” tizimini keng joriy etish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berdi. O‘z navbatida, mutasaddilarning takliflarini tingladi.  

Ta’kidlash joizki, bu kabi o‘rganishlar xizmat ko‘rsatish sohasidagi mavjud muammolarni aniqlash va shu asosda takliflar ishlab chiqish, qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA