English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari markazlari: sifat va qamrov oshmoqda
09:11 / 2023-08-16

Mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga qulay va tezkor davlat xizmatlarini taqdim etishning zamonaviy infratuzilmasi vujudga keldi.

Prezidentimizning 2022 yil 20 apreldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga zamin yaratdi.  

Davlat xizmatlarini jismoniy va yuridik shaxslar uchun foydalanishga oson, qulay va shaffof shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlat xizmatini ko‘rsatishda barcha uchun teng sharoitlarni vujudga keltirish orqali inklyuziv muhitni yaratish maqsadida mazkur Farmon bilan “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasi” tasdiqlandi. 

– Ushbu strategiya bilan 2026 yilgacha davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat qilishning qulay usullari yo‘lga qo‘yiladi, – deydi Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Qurbonov. – Markazlar va yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yangi xizmatlarni joriy etishdan oldin ularning tartib-taomillarini soddalashtirgan holda, asosan ma’lum bir hududda eksperiment tariqasida ko‘rsatiladi. 

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini sudgacha ishonchli himoya qilishning samarali mexanizmlari belgilanib, markazlar faoliyati samaradorligi oshirilib boriladi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini isloh qilish natijasida bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarga 280 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 24 yangi davlat xizmati ishga tushirildi.

Birgina Samarqand viloyatida yilning o‘tgan davrida 648 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, byurokratik tartibotlarni qisqartirish, shuningdek, davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini hamda hududlarni raqamli transformatsiya qilish maqsadida joriy yilning 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Ushbu hujjat asosida davlat xizmatlari ko‘rsatishning 300 taga yaqin tartib-taomillarini soddalashtirish, davlat xizmatlarini “3 qadam”, “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan”, “barchasi bir mobil ilovada” tamoyillari asosida raqamlashtirish va shu kabi bir qator yangi qulayliklarni joriy etish taklif etilmoqda. Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda onlayn foydalanish mumkin bo‘lgan xizmatlar soni 400 dan ortiqni tashkil qiladi. Jumladan joriy yilning o‘tgan 6 oyida viloyat aholisi 200 mingdan ortiq xizmatlarni aynan yagona portal orqali onlayn tarzda olgan. Bundan ko‘rish mumkinki, aholining onlayn xizmatlarga ishonchi tobora ortib bormoqda. Kelgusida davlat xizmatlari respublikaning barcha hududlariga kirib borishi hamda aholining davlat xizmatlariga bo‘lgan talabi samarali qondirilishiga erishish maqsadida qator loyihalar, islohotlar ko‘zda tutilgan.

Jumladan, elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘lamini 60 foizgacha ko‘tarish bo‘yicha bir nechta loyihalar ustida ishlanmoqda. Bu o‘z navbatida davlat xizmatlaridan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish asosida foydalanish tarmog‘ini tobora rivojlantiradi. Bugungacha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangi shakllari joriy qilinishi natijasida 27 davlat xizmatini kompozit tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Sodda qilib aytganda, fuqaro bitta ariza orqali bir vaqtning o‘zida bir nechta xizmatni olish imkoniga ega. 

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tizimga innovatsiyalar hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilinishi, idoralararo elektron hamkorlikning kengayib borayotgani va mavjud ma’lumotlar bazasi raqamlashtirilishi xorijlik investor va ishbilarmonlarning ham yurtimizga bo‘lgan qiziqishini tobora oshirmoqda. Samarqandda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan xitoylik investor, “Heng Fu Xin Stone Industry” MCHJ bosh direktori Lin Xin Ming ham Davlat xizmatlari markazlari faoliyatidan mamnun. 

– Ochig‘i, O‘zbekistonga investitsiya olib kirish, tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yishda biror to‘siq yoki qiyinchilikka uchraganim yo‘q, – deydi Lin Xin Ming. – Birgina, Davlat xizmatlari markaziga borishimni o‘zi kifoya bo‘ldi. Markazda men kabi investorlar uchun barcha imkoniyat mavjud ekan va men ulardan foydalanib, barcha rasmiyatchiliklarni qisqa muddatda hal etdim. Nima uchun bu markaz faoliyatini yuqori baholayapman, chunki davlat ro‘yxatidan o‘tishdan tortib, yer olishgacha bo‘lgan masalalar osongina bitdi. Tan olib aytish kerak, davlat xizmatlari sohasida yo‘lga qo‘yilgan yangi xizmatlar inson qadri uchun tamoyili asosidagi ishlarning yana bir amaliy ifodasi. 

G‘.HASANOV, O‘zA