Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilgan 2017 yilda bu tizim xalqimizga qulaylik yaratishi, byurokratiya va korrupsiyaga chek qo‘yishi maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari bu tizimdan ko‘zlangan eng katta maqsad odamlarning og‘irini yengil qilish ekanini ta’kidlar ekan, hamma hududlarni va xizmatlarni shu tizimga qamrab olsak, sarsongarchilik, adolatsizlik, korrupsiya bo‘lmaydi, deb alohida qayd etgan.
Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, shahar va tumanlarda uning markazlari tashkil etildi.
Davlat xizmatlari markazlarini odamlar uchun qulayliklar markazlari, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki har qanday xizmat bir binoda, bir joyda. Endi avvalgidek idorama-idora yurishga aslo hojat yo‘q.
Davlat xizmatlari markazlari yangi tashkil etilgan 2017 yilda 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozir ularning soni 467 taga yetdi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni esa 771 tani tashkil etmoqda.
Tashrif buyuruvchilar uchun qulay, ko‘rkam bo‘lgan 208 ta zamonaviy va innovatsion davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritmoqda. 200 ga yaqin mahallada 24/7 tartibida ishlaydigan interaktiv kiosklar o‘rnatilib, ular orqali 60 ga yaqin davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Davlat xizmatlarini ariza beruvchining buyurtmasiga asosan joyiga chiqqan holda ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yilgan.
Tezkor, shaffof, qulay. Bu so‘zlar davlat xizmatlari markazlari faoliyatidagi muhim shiorga aylandi. E’tiborlisi, xizmatlardan foydalanuvchilar ham buni amalda his qilayotganidir.
Keyingi yillarda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, davlat xizmatlarining foydalanuvchi uchun qulay shakllarini (user-friendly)ni yo‘lga qo‘yish, ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish va masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengaytirildi.

21 turdagi davlat xizmatini “proaktiv”, 68 tasini “kompozit” shakllarda hamda 26 tasini avtomatlashtirilgan tartibda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 200 ga yaqin davlat xizmati “3 qadam” hamda “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan” tamoyillari asosida soddalashtirildi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy etilib, fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish amaliyoti bekor qilindi.
Milliy haydovchilik, tug‘ilganlik haqida birlamchi va takroriy guvohnomalar, xorijga chiqish biometrik pasportini pochta orqali yetkazib berish joriy etildi.

Qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish sohasida 2023 yil 1 yanvardan boshlab beshta soha bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni sinovdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy tartibi joriy etildi.
7 ta litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib - taomillari to‘liq bekor qilindi. 6 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomili birlashtirish orqali bekor qilindi. 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabardor qilish shakliga o‘tkazildi. “Litsenziya” axborot tizimi orqali 140 dan ortiq davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Davlat xizmatlarini monitoring qilib borish bo‘yicha Adliya vazirligida o‘rnatilgan Situatsion markaz 10 dan ortiq axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Bu orqali axborot tizimlari orqali kelib tushadigan va qayta ishlanadigan katta hajmli ma’lumotlar tahlil qilinadi.
Markazlarda elektron navbatni boshqarish tizimi – Qmatic yo‘lga qo‘yilgan. Davlat xizmatlari ko‘rsatishda dxa.gov.uz; birdarcha.uz; license.gov.uz axborot tizimlaridan foylanilmoqda.
Xizmat ko‘rsatishni yanada qulaylashtirish maqsadida 43 markazda xizmatlar “oson”, “o‘rta” va “murakkab” toifalarga ajratildi. 30 dan ortiq davlat xizmati natijasi pochta orqali yetkazilmoqda.
Markazlarda nafaqaxo‘rlar, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan fuqarolarga navbatsiz xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etildi.
“O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish burchak”lari tashkil etildi. Fuqaro tomonidan arizani tasdiqlash, arizani yuklab olish, elektron hujjatlarni operatorga yuborish, elektron raqamli imzo (ERI) kalitini fuqaroga yuborish, operatorni baholash imkonini beruvchi “Adliya QR” tizimi ishlab chiqildi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali 2023 yilda 8,8 million, 2024 yilda 12,3 million, 2025 yil 6 oylikda 12,7 million, my.gov.uz orqali 2023 yilda 22,6 million, 2024 yilda 33,7 million, 2025 yil 6 oylikda 20,7 million davlat xizmati ko‘rsatilgan.
O‘rtacha xizmat ko‘rsatish vaqti 2023 yilda 15 daqiqani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 10, 2025 yilda 4 daqiqani tashkil etmoqda.
Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligi natijasida O‘zbekiston “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni egallagan.
Albatta, bu tizimda qulayliklar yaratish davom ettiriladi. Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxati (qayta ro‘yxat)dan o‘tkazishda jamiyatning muassislari (ta’sischilari)ni Face-ID tizimi orqali identifikatsiya qilish rejalashtirilgan.
“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlarni kompozit shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Savdo majmualari, ko‘ngilochar maskanlar, aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, banklar, mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda davlat xizmatlari markazlarida infokiosk shoxobchalarini tashkil etish va ularning sonini 1,1 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Ko‘rinib turibdiki, bularning barchasi aholi manfaatlariga xizmat qilmoqda. Bu yurtimizda mustaqillik yillarida barcha narsa inson uchun, uning qadrini yuksaltirish uchun qilinayotgan sa’y-harakatlar natijalaridan biridir. Boshqacha aytganda, hammasi Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Norgul Abduraimova,
O‘zA