French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari markazlari Namanganda “mahallabay” tamoyili asosida ishlamoqda
17:27 / 2021-01-11

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi butun xalqimiz qatori Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi jamoasida ham katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini yanada yuqori bosqichga olib chiqish, xizmatlar sifati va sonini oshirish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi. Elektron davlat xizmatlari 60 taga ko‘paytirilib, ularning soni 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushi 60 foizga oshirilishi belgilandi. Bu borada agentlikning Namangan viloyati boshqarmasida tizimli ishlarni amalga oshirishga kirishildi.

Mamlakatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahar davlat xizmatlari markazidagi sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mutasaddi rahbarlarga bir qator ko‘rsatmalarni bergan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosi bo‘yicha “DXM-mahalla-fuqaro” tamoyilini hayotga tatbiq qilib, davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlardan aholi va tadbirkorlik sub’ektlari masofadan turib, foydalanish imkoniyatlarini oshirish va bu borada mahalla va keng jamoatchilik vakillariga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Boshqarma hamda tuman, shahar davlat xizmatlari markazi xodimlari, aholi xonadonlarini uyma-uy yurib, shuningdek, korxona va tashkilotlarga borgan holda xizmatlarda onlayn foydalanish bo‘yicha fuqarolar hamda umumta’lim maktablarida yo‘l-yo‘riqlar berilmoqda. Masalan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi mavjud 59 maktab va 67 mahallada tuman DXM tomonidan ishlab chiqilgan jadval asosida tushuntirish targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.

To‘raqo‘rg‘on tumani DXM tomonidan o‘tgan yil davomida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 35 ming 53 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa, bularning 750 tasi internet orqali amalga oshirilgan. Tashkil etilgan seminarda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va pedagoglarga markazda yaratilgan sharoitlar hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida to‘laqonli ma’lumotlar berildi. Shuningdek, masofadan turib xizmatlardan qanday foydalanish mumkinligi xodimlar tomonidan ko‘rsatildi. Albatta, elektron xizmatdan foydalanishni keng targ‘ib qilishda o‘qituvchi va mahalla oqsoqollarining ham o‘rni beqiyos. Kelgusida maktab bitiruvchilari yoki fuqarolar biror bir xizmat olish uchun markazga emas balki, o‘ziga yaqin bo‘lgan mahallaga kelib foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa, ularni ovoragarchiligiga barham beradi.

Tumandagi Turkiston mahallasida 5 ming 410 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning ko‘pchiligi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangani bois, markaz xodimlari tushuntirish ishlarini aynan shu mahalladan boshladilar. Mazkur targ‘ibot tadbirlarini keng quloch yozishi kelgusida davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyatini yanada oshiradi. Bu o‘z navbatida aholi va tadbirkorlarning vaqtini tejalishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA