Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari markazining yangi binosi ochildi
12:14 / 2023-10-03

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Avval moslashtirilgan eski binoda aholiga xizmat ko‘rsatilar, bu esa markaz ishchi-xodimlari uchun ham turli noqulayliklar tug‘dirardi. Bugun esa tuman qiyofasiga ko‘rkamlik baxsh etgan Davlat xizmatlari markazida tashrif buyuruvchilarga davlat xizmatlari keng, yorug‘ va shinam xonalarda, qulay sharoitda ko‘rsatiladi. Takrorlanmas me’moriy dizaynga ega markaz Shofirkon tumanining 184 mingdan ortiq aholisiga 300 turdan ziyod xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitga ega. Markazda kuniga 500 nafargacha fuqaroga erkin tarzda davlat xizmatlari ko‘rsatish imkoni mavjud. 

Yangi Davlat xizmatlari markazi ham davlat xizmatlaridan eksterritoriallik tamoyili asosida, ya’ni yashash joyidan qat’iy nazar, foydalanish imkonini beradi. E’tiborli jihati, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi, Davlat xizmatlari hamda Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tuman adliya bo‘limi tarkibiga kiritilib, bitta binoda faoliyat yurituvchi yagona tizimga aylantirilgan. Aniqroq aytganda, yagona “Adliya uyi” shakllantirilgan. Bu esa huquqiy muammosi bor yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ehtiyoji bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga 4 ta tuzilma xizmatidan “Bir darcha” tamoyili asosida, bir joyning o‘zida foydalanish imkonini beradi. 

[gallery-13845]

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar bino qurilishida zamonaviy shaharsozlik normalariga muvofiq va fuqarolar uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor berilgani hamda Adliya bo‘limi, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO bo‘limi, Davlat xizmatlari markazining bir joyda bo‘lishi hudud aholisiga qulaylik yaratganini alohida ta’kidlashdi. 

Bahodir Yo‘ldoshev rahbarlik qilayotgan “Kogon stroy Pristij” qurilish korxonasi tomonidan qisqa fursatda qurib foydalanishga topshirilgan binoda fuqarolar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish burchagi tashkil qilingan. Tashrif buyuruvchilar xizmatlardan mustaqil foydalanishi, shuningdek, turli imkoniyatlardan xabardor bo‘lishi uchun axborot stendlari va posterlar qo‘yilgan. Bolalar o‘yin maydonchasi, ovqatlanish joyi, mini-kutubxona bepul Wi-fi bilan ta’minlangan hamda fuqarolar uchun qulay kutish maydoni, sovitish tizimiga ega. Shuningdek, markaz nogironlar aravachalari hamda qo‘shimcha infratuzilma va brayl shriftidagi ma’lumotlar bilan jihozlangan. 

Tantanali marosimda viloyat hokimi Botir Zaripov, adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev qatnashdi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.