Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va joriy yilgi rejalar bilan yaqindan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun Chimboy tumanida media-tur tashkil etildi.
Ishtirokchilar dastlab tuman Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan bilan yaqindan tanishdi.
Markazning yangi binosi 2019 yilda foydalanishga topshirilgan. O‘tgan davr mobaynida aholiga 51768 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan. Shuningdek, 829 tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i K.Artiqov 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va joriy yilgi rejalar bo‘yicha axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, boshqarma, 17 ta shahar va tuman Davlat xizmatlari markazi, ularning 6 filiali tomonidan 140 tan ortiq xizmat turi ko‘rsatish bo‘yicha o‘tgan yil davomida fuqarolardan jami 820 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.
Ularning asosiy qismini elektron raqamli imzo sertifikatini olish, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish, kadastr pasportini shakllantirish, fuqarolar nomida shaxsiy turar joyi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma, ko‘chmas mulk, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish kabi xizmatlar tashkil etdi.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan jami 13139 tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 5051 nafari yuridik shaxs va 8088 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti sifatida qayd etildi. Shuningdek, xorijiy investorlar ishtirokida 13 ta korxona davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, ularning 9 tasi qo‘shma, 4 tasi xorijiy korxona hisoblanadi.
Nafaqat shahar va tuman markazlari, balki chekka hududlar aholisiga ham qulaylik yaratish maqsadida sayyor xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, o‘tgan yil mobaynida 60 mingga yaqin sayyor xizmat ko‘rsatildi.
Aholining og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish, insonlarni o‘ylantiradigan muammolarni joyida hal etish, davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Qo‘ng‘irot tumanidagi «Qoraqalpog‘iston», «Jasliq» shaharcha fuqarolar yig‘inlarida, Mo‘ynoq tumanidagi «Qozoqdaryo», Ellikqal’a tumanidagi «Sarabiy», Beruniy tumanidagi «Abay», To‘rtkul tumanidagi «Yamboshqal’a» ovul fuqarolar yig‘inlarida mana shunday filiallar tashkil etildi. Natijada bugungi kunda filiallar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar soni jami 10 mingdan oshdi.
Boshqarma tomonidan shahar va tuman davlat xizmatlari markazlarida 73 marotaba “Sirli mijoz” va “reyd” tadbiri o‘tkazildi. Ishda xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun 7 nafar xodim ogohlantirildi, 2 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 23 nafar xodimga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, markaz xodimlari bilan 300 dan ortiq profilaktik suhbat o‘tkazildi. Shuni alohida aytib o‘tish kerak, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi tizimda korrupsiyaning va salbiy holatlarning oldini olishga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbarining farmoniga asosan FHDYO idoralari 2020 yil 1 apreldan boshlab Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. Shahar va tuman FHDYO arxivlarida jami 3 million 550 mingdan ortiq dalolatnoma yozuvi bo‘lib, hozirgi kunda «FHDYO yagona elektron arxivi» bazasiga to‘liq kirgizilib, elektron shaklga o‘tkazildi.
O‘tgan yillar mobaynida Mo‘ynoq, Chimboy, Amudaryo, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Beruniy, Taxtako‘pir va Bo‘zatov tumanlarida davlat xizmatlari markazining yangi binolari foydalanishga topshirildi. Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, To‘rtko‘l, Qorao‘zak, Taxiatosh va Shumanay tumanlari davlat xizmatlari markazlari yangi binosining qurilish ishlari yakunlanish arafasida. Shuningdek, Nukus shahar, Xo‘jayli, Nukus, Kegayli va Ellikqal’a tumanlari davlat xizmatlari markazlarining yangi binolari shu yil oxiriga qadar qurilib topshiriladi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA