Aholining davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida yangi markaz binosi foydalanishga topshirildi.
Binoning tantanali ochilish marosimida adliya bo‘limi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur bino zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlandi. Endi markazga tashrif buyuruvchilarga davlat xizmatlari keng, yorug‘ va shinam xonalarda, qulay sharoitlarda ko‘rsatiladi.

Markazda aholiga bir vaqtning o‘zida 150 ga yaqin tezkor, qulay, shaffof davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Elektron navbat olish uchun infokiosk, 26 ta qabul oynasi, kutish joylari, mo‘’jazgina kutubxona, bolalar maydonchasi, bufet, tuman adliya bo‘limi, investorlar uchun alohida xona, bank shaxobchasi tashkil etildi.
Elektron navbat tizimi 8 ta monitorda aks etib turadi. 4 ta o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus burchaklar ham tashkil etilgan. Shuningdek, markaz binosida Bosh vazir qabulxonasi ham joylashgan.
Qayd etish kerak, markazda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, har bir fuqaroga –alohida e’tibor, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari hisobga olingan.

Davlat xizmatlari markazida yaratib berilayotgan bu kabi sharoitlar odamlarning vaqtini tejash bilan birga, davlat xizmatlaridan tezkor va qulay foydalanish imkonini beradi.
Ma’lumot o‘rnida, tumanda 158 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Markaz orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga joriy yilning shu kuniga qadar jami 44 ming 252 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan.
Yangi binoda aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yanada oshishi ko‘zda tutilgan. Markazning yangi binosi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganligining 3 yilligi oldidan nishonliklarga mustaqillik bayrami oldidan munosib sovg‘a bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA