Farg‘ona viloyatida Davlat xizmatlari markazi – mahalla – fuqaro tamoyili asosida davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini mahallalarda shakllantirishga qaratilgan amaliy ishlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Joylardagi mahalla va maktablarda masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha maxsus treninglar, mahorat darslar o‘tkazilmoqda.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Davlat xizmatlaridan onlayn foydalanishni o‘rganamiz” mavzuidagi targ‘ibot tadbiri Farg‘ona shahridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida ham bo‘lib o‘tdi.
Ushbu amaliy mashg‘ulotlarda maktabning faol o‘quvchilari ishtirok etib, davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish borasidagi bilimlarini oshirdi. Mutaxassislar yoshlarning davlat xizmatlaridan uydan chiqmagan holatda, masofadan foydalanishga doir barcha savollariga javob qaytardi.
[gallery-783]
Tadbir doirasida, harbiy-akademik litsey o‘quvchilari yig‘ilganlarga merganlik, safda yurish kabi ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etdi.
Ayni paytda mazkur harbiy-akademik litseyda 214 nafar o‘quvchi saboq olmoqda. Bu yerda o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng deyarli barcha fanlardan to‘garaklar, aniq fanlardan, chet tili va axborot texnologiyalaridan chuqurlashtirilgan qo‘shimcha darslar olib boriladi. Boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bo‘yicha “O‘q otish”, “Harbiy topografiya”, “Saf mashqi” kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Muqimjon QODIROV(surat), O‘zA