Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari markazi filiali yangi binoda ish boshladi
16:31 / 2025-04-17

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Davlat xizmatlari markazi Qorasuv filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Yangi bino ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Alisher Xalilov, markazning xodim va mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda mamlakatimizda davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga yengillik yaratish maqsadida qulay va shaffof tarzda davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinayotganligi ta’kidlandi. 

Bugungi kunga qadar 45 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Qorasuv shahrida tuman Davlat xizmatlari markazining filiali bir muncha eski, zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lmagan binoda faoliyat yuritib kelgan edi. Xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish, aholi va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida barpo etilgan yangi binoda nafaqat xodimlar, balki mijozlar uchun ham ko‘plab qulayliklar yaratildi. 

Tashrif buyuruvchilar infokiosk orqali elektron talon oladi, kutish zalida monitorlar orqali navbati kelgan fuqaroga qaysi mutaxassisga murojaat qilishi aytib turiladi. Shuningdek, yangi binoda bolalar maydonchasi, ona va bola, tibbiy xizmat xonalari, kafe, kitob javoni tashkil etilgan. 

Zamonaviy ko‘rinishga ega ikki qavatli yangi binoda fuqarolar davlat xizmatlari bilan birga, bank, notarius, FHDYO organlari hamda bepul Wi-Fi xizmatlaridan ham foydalanish imkoniga ega. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun esa panduslar o‘rnatilgan. 

Davlat xizmatlari markazi filiali yangi binoda ish boshlashi aholiga qulaylik yaratish bilan birga, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari