Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari markazi: barchasi aholi farovonligi uchun
12:49 / 2021-06-11

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida inklyuziv Davlat xizmatlari markazi ish boshladi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida ish boshlagan markaz zamonaviy axborot-kommunikatsiya uskunalari bilan jihozlangan. Fuqarolar uchun ham barcha qulayliklar yaratilgan.

Markaz binosi qurilishi jarayonida uning zamonaviy shaharsozlik standartlariga muvofiqligi va fuqarolar, xususan, nogironligi bor insonlar uchun qulay sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, elektron xizmatlardan mustaqil ravishda foydalanish uchun qurilma, bolalar maydonchasi, bufet, mini-kutubxona va WiFi mavjud. Markazda mustaqil ravishda davlat xizmatlaridan foydalanishning turli imkoniyatlari to‘g‘risida tashrif buyuruvchilar xabardorligini oshirish maqsadida plakatlar va axborot stendlari o‘rnatilgan.

[gallery-2750]

Bu yerda boshqa aksariyat Davlat xizmatlari markazlaridagi kabi, eksterritorial asosda, ya’ni fuqaroning doimiy yashash joyidan qat’iy nazar xizmatlar taqdim etiladi. Dehqonoboddagi yangi Davlat xizmatlari markazida 150 dan ziyod davlat xizmatlari taqdim etiladi. Markaz binosida tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Bosh vazir qabulxonasi va Prezidentning Xalq qabulxonasi joylashgan.

Yaqin kelajakda qo‘shma loyiha ko‘magida markazda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash markazi ham o‘z faoliyatini boshlaydi. U yerda ayollar biznesni boshlash va yuritish, huquqiy masalalar, bepul psixolog maslahati va yordamini olishlari mumkin bo‘ladi.

Markaz aholining barcha qatlamlariga, shu jumladan, kichik bolali ayollar, turli guruhdagi nogironligi bor insonlar, yoshlar va qariyalarga mo‘ljallangan. 149 mingdan ortiq aholi istiqomat qiluvchi Dehqonobod tumanida aholining qariyb 3 foizini nogironligi mavjud insonlar tashkil qiladi. Ulardan 400 nafardan ortig‘i nogironlar aravachalari yordamida harakatlanadi va 66 nafari ko‘zi ojiz insonlardir. Davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada yaxshilash maqsadida Davlat xizmatlari agentligi qo‘shma loyiha ko‘magida barcha pilot turdagi xizmat ko‘rsatish markazlarini, shu jumladan Dehqonobod tumanidagi Davlat xizmatlari markazini panduslar, tutqichlar, shuningdek, nogironlik aravachalari va boshqa zaruriy sharoitlar bilan ta’minlamoqda.

Bundan tashqari, qo‘shma loyiha doirasida davlat xizmatlaridan foydalanishning qulayligini oshirish maqsadida Brayl yozuvidan foydalanish, nogironligi bor insonlarga xizmat ko‘rsatish markazlari operatorlari uchun treninglar o‘tkazish va davlat xizmatlari portalida imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus tab ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Dehqonobod Davlat xizmatlari markazida ilk bor volontyorlar (ko‘ngilli) dasturi amaliyotda qo‘llanishi rejalashtirilgan. Ushbu dastur doirasida volontyorlarni Davlat xizmatlari agentligi va uning markazlari faoliyatiga ko‘maklashishga jalb etish, ya’ni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari nogironlar, keksalar va kichik bolali ayollarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ko‘maklashishga qaratilgan. Barcha volontyorlar chekka hududlarda aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha maxsus treninglardan o‘tkaziladi. Har bir volontyor o‘z vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar bilan ta’minlanadi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA