Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida davlat xizmatlari ko‘rsatishda vakolatli bo‘lgan tashkilotlar vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda davlat xizmatlari ko‘rsatilishi sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Abdulaziz Jonuzoqov jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ahvoli yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan arizalarning ko‘rib chiqilishida belgilangan muddatlarga rioya qilinmaslik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat ko‘rsatilishi va murojaatlarning asossiz rad qilinishi holatlari kuzatilmoqda. Bu holatlar davlat xizmatlari sohasidagi ishlarning sifatini pasaytirishga va fuqarolarning murojaatlariga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirishga olib kelmoqda.
Muloqotda viloyatda davlat xizmatlari ko‘rsatilishiga oid belgilangan reglamentlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tahlil qilindi. Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobur Nazarov vakolatli organlar tomonidan xizmatlarni belgilangan talablar asosida ko‘rsatmaslik qonunbuzilishiga olib kelayotganligini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, bunday holat fuqarolarning noroziligi va sarson bo‘lishiga sabab bo‘layotgani, bu esa markaz xodimlarining ish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatmoqda.
Uchrashuvda murojaatlar bilan ishlash jarayonida duch kelayotgan ayrim tushunmovchiliklar va bartaraf etilishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha takliflar bildirildi. Shularning asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi muammolarni bartaraf etish va fuqarolarga qulaylik yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Yakunda davlat xizmatlari ko‘rsatishda aholiga yanada qulaylik yaratish va ularning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini olish yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Mahalliy idoralar va mas’ul tashkilotlar tomonidan ma’muriy reglamentlar talablari buzilishiga sabab bo‘layotgan muammolarning yechimlari ishlab chiqildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri