French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari ko‘rsatishda talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartiriladi
16:29 / 2025-09-09

Davlatimiz rahbarining “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2028 yilgacha YAIDXP (my.gov.uz) va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar soni 900 taga yetkaziladi. Proaktiv davlat xizmatlari soni 53 taga hamda kompozit davlat xizmatlari 74 taga yetkaziladi. 

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi, nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlari tomonidan sud qarorining talab qilinishi, avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi. YAIDXPdagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi. 

2025 yil 1 noyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona portal) jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir ma’lumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi. Bunda,  jismoniy shaxsning Yagona portaldagi shaxsga doir ma’lumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi. Ushbu ma’lumotlar Yagona portalning mobil ilovasidan foydalangan holda ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur ma’lumotlarning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi.

2025 yil 1 noyabrdan davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat qilinganda, pensioner, homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bilan kelgan fuqaroga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyoz beriladi. Jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Davlat xizmatlari markazlariga Yagona portal orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.

2026 yil 1 yanvardan “Vakolat.uz” platformasi ishga tushiriladi. Unda davlat xizmatlaridan foydalanish va davlat xizmati natijalarini olish bo‘yicha boshqa shaxslarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish, yuridik shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish, barcha turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini onlayn rejimda tekshirish imkoni yaratiladi. “Vakolat.uz” platformasidan bepul asosda foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yil 1 yanvardan Davlat xizmatlari yagona reyestri Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida yuritiladi. 

Bunda, har bir davlat xizmati bo‘yicha uning raqamli pasporti shakllantiriladi hamda har bir davlat xizmatini Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritish normativ-huquqiy hujjat asosida amalga oshiriladi.

N.Abduraimova,

O‘zA