Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari ko‘rsatish takomillashmoqda
20:42 / 2022-09-22

Buxoro viloyatidagi davlat xizmatlari markazlari orqali joriy yilning o‘tgan davrida aholi gavjum joylarda, olis chekka hududlarda (mobil davlat xizmatlari) maqbul, qulay va shaffof usullardan foydalangan holda 60 mingga yaqin sayyor davlat xizmati ko‘rsatilgan.

–O‘tgan davr mobaynida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida o‘tkazilgan o‘rganish va monitoringlar davomida davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan jami 4 ming 198 ta qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi, – deydi Buxoro viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qayim Xolov. – Ularning 4 ming 98 tasi muddat o‘tishi, 8 tasi ortiqcha hujjat talab qilish, 13 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatish, 39 tasi asossiz rad etish hamda 40 tasi boshqa qonun buzilishlardir. Ularni bartaraf qilish yuzasidan jami 56 ta taqdimnoma, 248 ta ogohnomalar kiritilgan. 53 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan. Ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 57 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 57 nafar kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Davlat xizmatlari markazlarida aholi va tadbirkorlik sub’ektlari, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratib kelinmoqda. Xususan, Buxoro shahar davlat xizmatlari markazida davlat xizmatini ko‘rsatish natijasidan norozi bo‘lgan shaxslar va og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga tushgan shaxslarga ruhiy ko‘mak hamda maslahat beruvchi ruhshunos(psixolog) xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

[gallery-8881]

Shuningdek, markazda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inklyuziv muhit yaratish choralari ko‘rilib, eshitish hamda gapirish bo‘yicha nuqsoni bo‘lgan shaxslar tomonidan surdo-tarjimon xizmatidan foydalanish imkoni yaratilgan.

Bundan tashqari, viloyatning barcha davlat xizmatlari markazlarida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘nikmalarini oshirib borish hamda ularga elektron davlat xizmatlaridan foydalanishlari uchun texnik jihozlangan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish burchaklari tayyorlangan. Buxoro shahar davlat xizmatlari markazida bepul Wi-Fi hudud tashkil etilgan.

Aholi uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida tegishli davlat xizmatlari markazlarida eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish, xorijga chiqish biometrik pasporti va identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish hamda berish davlat xizmatlari ham ko‘rsatib kelinmoqda.

Eng muhim qulayliklardan yana biri bu davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etilishidir. Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin bo‘lib, fuqaroning YAIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga ko‘ra va belgilangan to‘lovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA