O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini aholi tomonidan baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Davlat xizmatlari ko‘rsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning vakolatli organlarga yo‘naltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorda to‘rt oy muddatda:
a) O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatlarini joyida baholash imkonini beradigan QR-kodlarni yaratuvchi modul ishlab chiqish hamda davlat xizmatlarini aholi tomonidan baholash imkoniyati yaratilishini ta’minlash;
b) YAIDXP va “Litsenziya” axborot tizimida vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatini ko‘rsatish asossiz rad etilganda, tegishli to‘lovlarning vakolatli organlarga yo‘naltirilgan qismini ariza beruvchiga qaytarish bo‘yicha murojaat qilish hamda adliya organlari xulosalari asosida vakolatli organlar tomonidan tegishli to‘lovlar qaytarilgani haqidagi xabarnomalarni ariza beruvchi va adliya organlariga yuborishni yo‘lga qo‘yish belgilab berilgan.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi xokimiyat organlari rahbarlari:
o‘z faoliyat yo‘nalishida Davlat xizmatlari yagona reyestrida nazarda tutilgan davlat xizmatlarini aholi tomonidan maxsus QR-kodlar orqali YAIDXPda baholash imkoniyatini yaratadi;
davlat xizmatlari ko‘rsatilishi, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani hamda baholash natijalarini xodimlarning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida belgilash choralarini ko‘radi;
baholash natijalari bo‘yicha qo‘yilgan baho va bildirilgan fikrlar asosida ularning doimiy ravishda tahlil qilib, baholash reytingida o‘z faoliyat yo‘nalishini yaxshilash choralarini ko‘rib boradi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.
Adliya vazirligi aholi tomonidan bevosita qo‘yiladigan baho va bildiriladigan fikrlar asosida davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini doimiy nazorat qilib boradi.
O‘zA