Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani qo‘llashga zarurat bor
10:48 / 2024-01-08

Ma’lumki, 2018 yil 1 yanvarda davlat xizmatlari markazi tomonidan 37 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 335 tani tashkil etmoqda.

Ammo mazkur sohada ayrim tizimli va funksional muammolar mavjudligi sababli davlat xizmatlari ko‘rsatilishida taraqqiyotga erishgan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va bu borada ularning yutuqlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish muhim ahamiyat kasb etadi. 

Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi davlat muassasasi mas’ul xodimi O.Xidirov davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha eng ilg‘or tajriba haqida so‘zlab berdi:  

– Davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha eng ilg‘or tajribaga Gruziyada amalga oshirilgan ishlar misol bo‘la oladi. 2004 yildan boshlab bu mamlakatda davlat boshqaruvi tuzilmasida tub islohotlar davri boshlangan bo‘lib, mazkur jarayon keyingi davrda elektron hukumatning jadal taraqqiy etishiga turtki bo‘ldi.  

Gruziyada davlat xizmatlarini ko‘rsatish, rivojlantirish va nazorat qilishning yagona boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Adliya vazirligi bu borada yagona siyosatni yurituvchi organ hisoblanadi. Ushbu vazirlik “Yagona darcha” tamoyili asosida Adliya uylari (davlat xizmatlari markazi) tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bilan birgalikda, onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etishga ham mas’uldir.  

Gruziya Adliya vazirligi huzurida raqamli boshqaruv agentligi (vakolatlari: yagona elektron xizmatlar portali orqali fuqarolarga onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish); Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi (vakolatlari: davlat xizmatlarini rivojlantirish, xususiy sektorda innovatsion xizmatlarni joriy etish hamda fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini optimallashtirib borish, aholini umumiy ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolik holati dalolatnomalarini ro‘yxatga olish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish, fuqarolik masalalari bilan bog‘liq jarayonlarni boshqarish, migratsiya hamda hujjatlarni apostil va legalizatsiya qilish);  Adliya uyi (Davlat xizmati xususiy xizmatlardan farq qilmasligi va bir xil darajada qulaylik, tezlik va sifatga ega bo‘lishga e’tibor qaratishi kerak, konsepsiyasi asosida tashkil etilgan davlat xizmatlari ko‘rsatilishiga vakolatli tashkilot) tashkil etilgan.  

Gruziyada Adliya uyining mamlakat bo‘ylab 117 filiali mavjud bo‘lib, ularga kuniga 20 mingdan ortiq mijoz (mahalliy va xorijlik fuqarolar) tashrif buyuradi.  

Adliya uyi dastlab bir necha davlat organlari, ya’ni Fuqarolikni ro‘yxatga olish agentligi, Davlat ro‘yxatga olish milliy agentligi (ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulklarni ro‘yxatga olish), Milliy arxiv, Ijro etish milliy byurosi, Notariat palatasi xizmatlarini integratsiya qilgan holda, bu xizmatlarni bir binoda ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.  

Adliya uyining o‘ziga xos jihati shundaki, fuqarolar davlat xizmatlari va qo‘shimcha xizmatlar (bank xizmatlari, jumladan, naqd pul olish, valyuta ayirboshlash, to‘lovlarni amalga oshirish, hujjatlardan nusxa olish, tarjimonlik xizmatlari)dan bir joyda turib foydalanishi mumkin.  

Shuningdek, Adliya uyida o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish burchaklari, o‘z-o‘zini suratga olish kabinkalari, har bir xona va eshik oldida ko‘zi ojizlar uchun zal haqidagi ma’lumotlar maxsus taxtasi o‘rnatilgan bo‘lib, mahalliy aholi vakillari va chet elliklar uchun alohida-alohida yo‘laklar tashkil etilgan.  

Davlat xizmatlari hududlarga nafaqat filiallar orqali, balki sayyor tarzda chiqish orqali ham ko‘rsatiladi. Sayyor xizmatga maxsus jihozlangan mikroavtobuslarda boriladi va ariza yuborish bilan birga, javobini ham shu joyning o‘zida taqdim etish imkoni yaratilgan.  

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish vakolatini hisobga olgan holda elektron davlat xizmatlarini joriy etish va xizmatlar faoliyatini texnik qo‘llab-quvvatlash tizimini ham ushbu vazirlik tuzilmasi doirasida amalga oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.  

Zero bu o‘zgarish davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkorlik va yagona yondashuv asosida hal qilish imkonini beradi.  

N.Abduraimova,  

O‘zA