Mamlakatimizda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bir necha bosqichli jarayonlardan iborat bo‘lib, aksariyat qismini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi katta hajmdagi ma’lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash va tahlil qilishni talab qiladi.
Bu jarayonda davlat xizmatlari ko‘rsatilishiga sun’iy intellektni qo‘llash zarurati yuzaga keldi. Shu o‘rinda Adliya vazirligi tomonidan aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi amalga oshirilgan chora-tadbirlarni qayd etib o‘tish o‘rinli. So‘nggi 4 yilda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi institutsional nuqtai nazardan tubdan takomillashtirildi va modernizatsiya qilindi.
Xususan:
1) davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi alohida davlat organi – Davlat xizmatlari agentligi, davlat xizmatlari markazlari va ularning 115 ta filiallari, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tashkil etildi;
2) davlat xizmatlari sohasiga «Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi» tamoyili joriy etildi hamda eksterritorial tamoyil asosida (yashash manzilidan qat’iy nazar) istalgan hududda foydalanish imkoniyati yaratildi;
3) tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda 10 ga yaqin hujjatlarni va muhr-shtamplarni talab qilish bekor qilindi;
4) ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun davlat boji va yig‘imlarni elektron to‘lov tizimlari (Click, Payme, Upay, Paynet, Uzcard, Oson, Websum va barcha bank mobil to‘lov ilovalari) orqali to‘lash tizimi joriy etildi;
5) 2021 yil 1 iyundan boshlab 18 turdagi (sudlanganlik, manzil ma’lumotnoma, soliqdan qarzi bor-yo‘qligi, narkologiya yoki ruhiy kasalliklar dispanserida turishi) ma’lumotlarni talab qilish amaliyotidan voz kechish natijasida bir oyda 1,3 mlrd.so‘m (yiliga 15,6 mlrd.so‘m) mablag‘i tejalishiga erishildi.
O‘zbekiston Jahon bankining “Doing business” indeksida «Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish» ko‘rsatkichi bo‘yicha 190 ta davlat orasida 8-o‘rinni egallab, tarixda birinchi bor top-10 talikka kirdi.
Shu bilan birga, amaldagi davlat xizmatlarida sun’iy intellektni qo‘llash masalalarini o‘rganish va tahlil qilish davomida bir qancha muammolar va yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi aniqlandi:
I. Davlat xizmatlari turlari va hajmining keskin oshganligi sohani yanada raqamlashtirish zaruriyatini yuzaga keltirdi.
1) davlat xizmatlari ro‘yxati va hajmi aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib keskin oshib bormoqda;
Ma’lumot uchun: davlat xizmatlari ro‘yxatidagi jami 716 ta xizmatning 268 tasi (37,5 %) elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda mobil ilovalar orqali ko‘rsatilmoqda.
2020 yil 6 oy davomida 3,6 mln. davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 2021 yil 1-yarim yillikda 6 mln. dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi (67 % oshgan).
2) davlat xizmatlarini raqamlashtirish darajasi past darajada;
Ma’lumot uchun. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2018 yilda
2,4 mln.ta, 2019 yilda 5,8 mln.ta, 2020 yilda 9,8 mln.ta xizmat ko‘rsatilgan. Yuridik va jismoniy shaxslarga 260 turdan ortiq davlat xizmatlari elektron shaklda taqdim etib kelinmoqda.
II. Mazkur sohani tartibga soluvchi huquqiy baza shakllantirilmagan hamda mavjud qonun hujjatlarida aniq huquqiy mexanizmlar belgilanmagan. Xususan:
1) davlat xizmatlari ko‘rsatishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha maxsus normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan. Hozirgi vaqtdagi sohaga oid qonun hujjatlarida davlat xizmatlari ko‘rsatilishda sun’iy intellektdan foydalanishning yagona talablarini, axloq qoidalarini, xavfsizlik va shaffoflikni, javobgarlikni belgilovchi huquqiy normalari mavjud emas;
2) Prezidentning 2021 yil 17 fevraldagi PQ-4996-son qarorida davlat xizmatlari ko‘rsatishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanishga doir asosiy yo‘nalish belgilangan bo‘lsada uni amaliyotga joriy etilishida tegishli chora-tadbirlar belgilanmagan;
III. Davlat boshqaruvi organlari tizimida sohani tartibga soluvchi tarkibiy tuzilmalar tashkil etilmaganligi tufayli ushbu sohada yagona davlat siyosatini hamda kompleks rivojlantirish amalga oshirilmayapti:
1) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining sun’iy intellektnitni sohasida belgilangan vazifalari va funksiyalari hamda tarkibiy tuzilmasida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan bo‘lsada vazirlik markaziy apparatida tegishli tarkibiy tuzilma mavjud emas;
2) Davlat xizmatlari agentligi markaziy apparati tashkiliy tuzilmasidagi Davlat xizmatlarini raqamlashtirish boshqarmasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda sun’iy intellektni qo‘llash va uni rivojlantirish bo‘yicha tarkibiy tuzilmasi mavjud emas;
3) Sun’iy intellektni joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish va nazorat qilishning mexanizmlari to‘liq yaratilmagan. Innovatsion rivojlanish vazirligiga innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish belgilangan bo‘lsada sun’iy intellekt sohasida innovatsiyalar joriy etish va qo‘llash bo‘yicha vazifalar yuklatilmagan. (Prezidentning 2020 yil 29 oktyabrdagi PF-6097-son Farmoniga muvofiq ilm-fanning istiqbolli va yangi yo‘nalishlarida (shu jumladan, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt) ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish belgilangan. Biroq ushbu yo‘nalish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun vazirlikning tegishli funksiyalari belgilanmagan.)
XORIJIY DAVLATLAR TAJRIBASI
Buyuk Britaniyada «Raqamli transformatsiya Strategiyasi» qabul qilingan bo‘lib, sun’iy intellektdan foydalanish Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda sun’iy intellektni qo‘llash borasida xususiy sektor tomonidan yaratilgan dasturlar va ishlanmalar davlat tomonidan maxsus moliyalashtirilishi tartibi belgilangan. Bunda, hukumat texnologik Fondiga 20 mln. funt sterling miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lib davlat xizmatlari va ijtimoiy sektorni rivojlantirishga xizmat qiluvchi biznes loyihalar hamda innovatsiyalar aynan shu Fond tomonidan moliyalashtiriladi. Britaniya Davlat raqamli xizmati(Government Digital Service, GDS) 2017 yil fevral oyida axborot tizimlarni yangilash orqali ma’lumotlardan yanada samarali foydalanish va davlat xizmatlari uchun yagona platformalar yaratish ishlari boshlangan bo‘lib, ijtimoiy ta’minot organlarining soliq tizimi bilan o‘zaro axborot almashinuviga sun’iy intellektni joriy qilish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash amalga oshirilmoqda.
Latviya Respublikasi davlat boshqaruviga sun’iy intellektni joriy qilinishi «2021-2027 yillarda raqamlashtirishning asosiy prinsiplari» ga muvofiq bo‘lishi hamda barcha vazirliklar o‘z tarkibiy tuzilmalari faoliyatida hamda idoralararo aloqalarga sun’iy intellektni qo‘llash xarajatlari baholanishi joriy qilingan.
Latviya davlat boshqaruvida sun’iy intellekt bazasi asosida faoliyat yuritadigan Ishlab chiqaruvchilar reyestri, Davlat daromadlari xizmati mijozlariga virtual mutaxassislar davlat xizmatidan foydalanishida maslahat beradilar. Shuningdek boshqa davlat xizmatlarida ko‘rsatilishida mijozga kerakli maslahatlarni berib turuvchi universal virtual mutaxassis yaratish ishlari olib borilmoqda.
Avstraliya Hukumati davlat xizmatlari ko‘rsatilishida GovPass
ID-kartasi loyihasi ustida ishlamoqda, mazkur karta yordamida har qanday xizmat uchun to‘lov qilish qulay bo‘ladi: jamoat transportidan foydalanishdan tortib soliqlar to‘lash hamda tibbiy yordam olish.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilishida fuqarolar bilan muloqot qilishda virtual assistent yordam beradi. Bunday virtual yordamchi mijozga kerakli maslahatlar bergani uchun davlat xizmatlariga berilgan so‘rovlarni ko‘rib chiqish vaqtini ikki baravar kamaytirish imkonini berdi. Natijada davlat xizmatini ko‘rsatish narxi an’anaviy Sall-markazga qaraganda 66% ga arzonlashgan.
Xitoy Hukumati 2017 yilda o‘zining sun’iy intellekt texnologiyalari borasidagi maqsadlari va asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi «Keyingi avlod sun’iy intellektni rivojlantirish rejasi» deb nomlangan milliy strategiyani qabul qildi. Mazkur strategiya doirasida Xitoy hukumati 2030 yilga kelib, fuqarolik va harbiy sohalarda sun’iy intellekt sanoatini 150 milliard AQSH dollaridan ziyod qiymatga olib chiqishni bosh maqsad qilib qo‘ydi.
Xitoy hukumatining sun’iy intellektni rivojlantirishga qaratilgan siyosiy strategiyasi davlatning sohani rivojlantirishga qaratilgan yo‘naltiruvchilik roli dinamik xususiy sektor yutuqlari bilan birgalikda mavjudligi bilan belgilanadi. Xitoy sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishda ilmiy tadqiqotlardan tortib, texnologiyalar tijoratigacha uzaygan bosqichni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «mahalliy innovatsiyalar» siyosatini ilgari suradi.
Hukumatning sun’iy intellektni rivojlantirish siyosati mazkur soha uchun muhim sanalgan to‘rt element bilan chambarchas bog‘liq: hardware chiplari, sun’iy intellekt algoritmlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumot, algoritmlar borasidagi fundamental tadqiqotlar va sun’iy intellekt tijoratini qo‘llab-quvvatlovchi ekotizim.
Soha rivojida xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan yirik texnologik kompaniyalarning ham muhim roli bor. Albatta, bu kompaniyalar mamlakatda shakllanib ulgurgan katta miqdordagi ma’lumotlar bazasi va sun’iy intellekt uchun yangi bozorlar kashf qilish, ularni tijoratlashtirish borasida davlatning qo‘llab-quvvatlovi kabi o‘ziga xos imtiyozlarga ham ega.
2018 yilda Xitoy hukumati Baidu, Alibaba, Tencent, iFlytek va SenseTime kabi texnologik kompaniyalarni rasmiy ravishda mamlakatning «sun’iy intellekt chempionlari» deb e’lon qildi. Bu imtiyoz, albatta, mazkur kompaniyalarga, agar ular hukumatning turli maqsadlariga xizmat qilishga rozi bo‘lsa, xorijiy raqobatchilarga nisbatan me’yoriy muhitda moslashuvchanlik qobiliyatini taqdim qiladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2019 yil 10 oktyabrdagi N 490
«Rossiya Federatsiyasida sun’iy intellektni rivojlantirish to‘g‘risida» gi («Sun’iy intellektni rivojlantirishning 2030 yilgacha milliy strategiyasi») Farmoniga muvofiq sun’iy intellektni amaliyotda keng qo‘llash amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatga muvofiq mamlakatda 2030 yilga kelib sun’iy intellekt sohasida qat’iy qonun hujjatlariga asoslangan huquqiy tartibga solish tizimi o‘rnatilgan bo‘lishi hamda mazkur huquqiy tizim aholining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan shuningdek sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlanishiga ta’sir qiladigan bo‘lishi kerak.
Davlatning sun’iy intellekt siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etishi, mamlakatdagi siyosiy tuzilmani aks ettiruvchi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Xususan siyosiy rahbarlar tomonidan sun’iy intellekt strategiyasini hukumat organlariga topshirish o‘rniga, strategiyani shakllantirish, sun’iy intellekt texnologiyasini ishlab chiqish va shunga o‘xshash loyihalarni «Sberbank», «Rosatom» va «Rostex» kabi davlat korporatsiyalariga topshirilgan. Rossiya Federatsiyasi Hukumati oldiga qo‘yilgan vazifalar «Raqamli iqtisodiyot» milliy dasturining «Raqamli davlat boshqaruvi» yo‘nalishida berilgan bo‘lib tadbirkorlar va fuqarolar uchun ko‘rsatiladigan 10 ta davlat xizmatining 7 tasi 2024 yilga qadar raqamli tarzda ko‘rsatilishi hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar o‘rtasidagi hujjat aylanishining 90 foizi onlayn tarzda amalga oshirilishi belgilangan.
Aholisi O‘zbekistondan ikki barobarga kam (17 mln) Niderlandiyada 352 ta DXM mavjud va ularda 600 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Sun’iy intellekt asosida kraudfanding smart kontraktlari tuzish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshiriladi.
Yuqoridagi tahlillar quyidagi takliflar ilgari surilmoqda:
1) davlat xizmatlari ko‘rsatilishda sun’iy intellektdan foydalanishning yagona talablarini, axloq qoidalarini, xavfsizlik va shaffoflikni, javobgarlikni belgilovchi qonun hujjati loyihasini ishlab chiqish;
4) davlat xizmatlari ko‘rsatilishida sun’iy intellektni qo‘llash xarajatlari baholanib byudjet xarajatlarining samaradorligi aniqlab borilishini joriy qilish;
5) davlat xizmatlari ko‘rsatilishida idoralararo ma’lumotlar almashinuvi tezkorligini ta’minlash, hujjatlarning idoralararo kelishish, xabardor qilinishi hamda qabul qilib olingan hujjatni yuborish jarayonini talab etadigan davlat xizmatlari turlarini avtomatlashtirish maqsadida sun’iy intellekt imkoniyatlarini joriy etish hamda davlat xizmatlari mobil ilovasida elektron smart navbatlar, xizmatlar miqdori va samaradorligini aniqlovchi maxsus dasturlar, chatbotlar, raqamli assistentlar, davlat xizmatlari virtual agentlari faoliyatini huquqiy tartibga solinishini joriy etish;
Xulosa qilib aytganda davlat boshqaruvida hamda davlat xizmatlari ko‘rsatilishida sun’iy intellektni joriy qilinishini jadallashtirish sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (Government Artificial Intelligence Readiness Index) respublika pozitsiyasini yaxshilash imkonini beradi.
Dildora Anvarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas’ul xodimi