Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari: eng ko‘p qaysi sohalarda qonun buzilyapti?
17:15 / 2025-12-11

Qonunchilik palatasi majlisida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinar ekan, deputatlar sohada hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar ham mavjudligiga e’tibor qaratdi.

Xususan, 400 ga yaqin davlat xizmatlarning hali elektron shaklga o‘tkazilmagani, ayniqsa, chekka va olis hududlarda infokiosklar yetarli emasligi fuqarolarning raqamli xizmatlardan to‘liq foydalanishiga to‘siq bo‘lmoqda.  

Shuningdek, davlat organlarining elektron axborot tizimlari to‘liq integratsiya qilinmagani, ayrim idoralarda hujjatlar almashinuvi sekinligi va qayd etish jarayonlarida inson omilining yuqoriligi ortiqcha byurokratiyaga, ijro muddatlarining buzilishiga, fuqarolardan asossiz hujjatlar talab qilinishiga, xizmatlarning sifati va tezkorligiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berdi. Shuningdek, bir qator savollar bilan vazirga yuzlandi.

Javlon Abdullayev, deputat:

– Davlat xizmatlari sohasida eng ko‘p qonun buzilish holatlari sog‘liqni saqlash, kadastr va qurilish sohalarida qayd etilgan. Bu kabi holatlarning sabab va omillari vazirlik tomonidan tahlil qilinyaptimi? Qanday choralar ko‘rish rejalashtirilgan?

– Bu borada eng, avvalo, qonun buzilish holatlarining omillari bilan kurashish lozim. Sabablari o‘rganilganda, birinchi o‘rinda xodimlar soni yetmayotgani aniqlandi va tegishli mutasaddilarga takliflar kiritildi. Xodimlarning tez-tez o‘zgarib turishi ham sabab bo‘lyapti. Shuningdek, axborot tizimlarida, hujjatlarda ortiqcha jarayonlar ko‘p. Bu borada ham bosqichma–bosqich ishlar olib borilyapti.  

Shu bilan birga, eng katta masala raqamlashtirish jarayonlarida muddatlar cho‘zilishi bilan bog‘liq. Yana an’anaviy tarzda ko‘rsatilayotgan xizmatlarni nazorat qilish  imkoniyati yo‘qligi ham qonun buzilishlarga olib keladi.  

Bu kabi holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda, – dedi vazir A.Toshqulov.

Muhtarama Komilova, O‘zA