Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari: dunyo mamlakatlari va O‘zbekistonda ushbu soha istiqboli oshmoqda
11:39 / 2024-10-08

Bugungi kunga kelib, “e-Government” atamasi xalqaro miqyosda qabul qilingan va elektron hukumat dasturlari amalga oshiriladigan barcha mamlakatlarda keng qo‘llanilmoqda. “e-Government” atamasi hokimiyatning turli tarmoqlari va darajalari, shuningdek, funksiyalarini amalga oshiradigan tashkilotlarni anglatadi.

G‘arbda uni “servis xizmati”, “ijtimoiy xizmat”, deb nomlashadi. Davlat sektori xizmatlariga talabning ortishi, shu bilan birga, ularga yechim topishda tezkorlik va sifatga bir vaqtning o‘zida erishib bo‘lmasligi ushbu sohaga ehtiyojni kuchaytirib boraveradi.  

Yangi O‘zbekistonda ham 2017 yildan boshlab, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi zamonaviy boshqaruv va aholining talab-istaklarini qondirishning eng tezkor, ishonchli va foydali ish uslubiga aylanib bormoqda.

Xorij mamlakatlarida ushbu soha uzoq yillardan beri aholiga xizmat qiladi. Dastlab Buyuk Britaniyada  1990 yillarda “Fuqarolar xartiyasi” ishlab chiqilgan edi.  

O‘zbekistonda bu sohaning istiqboli buyukdir. Ammo hozirga qadar sohaning evolyutsiyasi, nazariya va amaliyoti o‘rganilgan  qo‘llanma mavjud emas edi.  

Ciyosatshunos olim, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovning “Davlat xizmatlari asoslari” nomli o‘quv qo‘llanmasi Tafsir Books nashriyotida 2000 nusxada bosildi va u  o‘zbek tilida yaratilgan ilk o‘quv adabiyoti hisoblanadi. Mazkur o‘quv qo‘llanmada davlat xizmatlarini huquqiy tartibga solish, standartlashtirish, uning turlari, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekistonda mazkur tizimni shakllantirish evolyutsiyasi kabilar xususida so‘z borgan.

Shuningdek, dunyoda elektron hukumatning shakllanishi tarixi, uning  vazifalari va prinsiplari, davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish jarayonlari, davlat xizmatlari ko‘rsatish portallari, tushunchalar va turlari, uning zamonaviy modellari, davlat xizmatlari ko‘rsatish monitoringini tashkil etish jarayoni va sifatini takomillashtirish texnologiyalari kabi o‘ndan ziyod mavzu tizimli va izchil ravishda  yoritilgan.

Unda yigirmadan ziyod davlatning bu boradagi boy tajribasi qiyosiy o‘rganilgan va xulosalar chiqarilgan. Muhimi, u shu fanning ishchi dasturi asosida tayyorlangan bo‘lib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nashrga ruxsat berilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston – 2030 strategiyasidan kelib chiqib, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish yo‘nalishida davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligi va  sifatini yuksaltirish, bu xizmatdan aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlari foydalanishi imkoniyatini kengaytirish vazifalari oldimizda turibdi.

Ayni paytda Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan 600 dan ortiq xizmatlar byurokratiya, sansalorlik va korrupsion holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Bu borada birinchi tajriba bo‘lgani va istiqbolli soha mamlakatimiz hayotiga 2015 yildan keyin kirib kelganligi sababli, mazkur qo‘llanmani yanada to‘ldirish va boyitish mumkin.

Qisqa qilib aytganda, “Davlat xizmatlari asoslari” kitobi bakalavriatda o‘qiydigan gumanitar fanlar talabalari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va Adliya vazirligi tizimi xodimlari uchun foydali qo‘llanma hisoblanadi. Uning yana bir afzalligi talab va istaklar asosida ham kirill, ham  lotin alifbosida chop etildi.

Abdulaziz  RUSTAMOV,

O‘zA