Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatlari agentligi Sardoba tuman markazi – yangi binoda
13:12 / 2021-02-03

Sirdaryo viloyatining eng chekka hududi Sardoba tumani Paxtaobod mahalla fuqarolar yig‘inida davlat xizmatlari markazining yangidan barpo etilgan binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat, tuman hokimliklari, sektorlar, Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi va tuman markazi rahbar hamda xodimlari, mehnat faxriylari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Bu haqda DXA Sirdaryo viloyat boshqarmasi Jamoatchilik va OAVlari bilan aloqalar sho‘’basi xabar berdi.

Sardoba tumanida 66 ming 700 nafar aholi istiqomat qiladi. Tuman markazi Guliston shahridan 83 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hududdagi mavjud 15 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘ndan ortiq millat va elat vakillari ahil va inoqlikda yashab kelmoqda.

Umumiy maydoni 1 ming 15 kvadrat metrni tashkil etgan ushbu bino “Nuroniy bunyodkor servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa muddatlarda bunyod etildi.

O‘ziga xos, zamonaviy arxitektura ko‘rinishini mujassam etgan 2 qavatli ushbu binoda barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, eng so‘nggi rusumdagi axborot texnologiyalari, zarur texnik jihozlar, qattiq-yumshoq mebellar, kompyuter, nazorat kamerasi va boshqa texnik vositalar bilan to‘liq ta’minlandi.  

Markazga tashrif buyuruvchilarga keng va yorug‘, shinam xizmat zalida qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatiladi. Markazga kirishingiz bilanoq xushmuomala xodimlar ochiq chehra, xush kayfiyat bilan kutib olib, murojaatingizga qarab tegishli tartibda kerakli xizmat ko‘rsatish joyiga yo‘naltirishadi. Elektron navbat tizimi 2 ta monitorda aks etib turadi, 10 ta qabul oynasida ko‘rsatiladigan xizmatlarda shaffoflik asosiy mezon hisoblanadi.

Ayni paytda ushbu markaz orqali aholiga 150 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 80-100 nafar fuqaroga davlat xizmatlari ko‘rsatish mumkin. O‘tgan 2020 yilda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga tuman bo‘yicha 16 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi.  

– Ushbu yangi binoda aholiga yaratilgan barcha sharoitlar vaqtni tejash, turli ovorayu-sarsongarchilik va qo‘shimcha sarf-xarajatlarning oldini olish va eng muhimi, fuqarolarimiz uchun juda qulay bo‘lgan imkoniyatlar yaratib berildi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i B.Artikov. – Fuqarolarimizga davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini ham allaqachon boshlab yuborganmiz. Vaqti kelib, bu kabi markazlarimizga aholining kelishiga ham ehtiyoj qolmaydi. Chunki har bir fuqaro o‘z uyida kompyuter yoki mobil qurilma orqali internet tarmog‘iga ulangan holda davlat xizmatlaridan bemalol onlayn tarzida foydalanaverishi mumkin bo‘ladi. Bu esa xizmatni markaz orqali olishdan ko‘ra ham arzon va juda qulaydir.

Darhaqiqat, yangi binoda Prezident Xalq qabulxonasi, tadbirkorlar uchun Bosh vazir qabulxonasi, tuman adliya bo‘limi, sektorlar uchun alohida xonalar ajratilgan.  

Binodagi mijozlar uchun kutish zaliga kitob javoni o‘rnatilgan bo‘lib, undan fuqarolar badiiy, ilmiy va iqtisodiy adabiyotlarni hamda yangi bosma nashrlarni mutolaa qilish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, markazda bank kassasi ham ishlab turibdi.  

Markazga farzandlari bilan tashrif buyurgan ota-onalar uchun yorqin ranglarda jihozlangan bolalar maydonchasi kichkintoylarning vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga yordam berishiga aslo shubha yo‘q.  

DXA tuman markazida elektron navbat tizimi joriy etilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarning navbati monitorlarda ko‘rinib turadi. Ushbu monitorlar orqali esa davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari to‘g‘risidagi roliklar muntazam ravishda namoyish etib boriladi.

Tuman markazi – Paxtaobod mahallasiga yarashgan yangi binoni tom ma’noda Sardoba marvaridi, deb atash mumkin. Zero, cho‘l hududining matonatli xalqi uchun bu maskan marvariddek qadrli bo‘lishi shubhasiz.

A.QAYUMOV, O‘zA