Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi filialiga press-tur
15:09 / 2024-10-09

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyati filiali o‘z faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, aholiga kengroq ma’lumot yetkazish maqsadida matbuot xizmati va OAV vakillari uchun press-tur tashkil etdi.

Dastlab ishtirokchilarga filialga yuklatilgan vazifalar va xizmatlarning bajarilishi xususida ma’lumot berilib, Agentlikning 22 ta elektron platformasidan 10 tasi bilan yaqindan tanishtirildi.

Istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar malakasini oshirish, ular salohiyatini yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kursi, uning o‘tkazish tartibi tushuntirib o‘tildi. Va shu bilan birga davlat fuqarolik xizmatlarining salohiyatini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar, kadrlar zaxirasini shakllantirish, ilm.argos.uz va edu.argos.uz  malaka oshirish portallari hamda hrm.argos.uz elektron platformasi tanishtirildi.

Agentlikning Sirdaryo viloyati filiali tomonidan 2020 yildan boshlab joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida viloyatdagi 35 ta boshqarma va tashkilot, 12 ta hokimlikdagi 7954 ta bo‘sh ish o‘rni uchun o‘tkazilgan tanlov jarayonlarida ishtirok etish istagi bor bo‘lgan 132 ming nafar nomzoddan 3200 nafari muvaffaqiyatli o‘tganligi, muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchi esa davlat muassasalaridagi vakant lavozimlarda ishlash uchun yo‘naltirilgani aytib o‘tildi.

Press-tur ishtirokchilari fuqarolarni davlat organlariga ishga qabul qilish bo‘yicha e’lon qilingan ochiq tanlov, unda ishtirok etmoqchi bo‘lgan nomzoddan olinadigan test va suhbat jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Agentlik xodimlaridan javob olishdi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari huquqlari va  qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot ham berilib, unda 14 nafar xodimning mehnat qonunchiligiga oid buzilgan huquqi tiklangani, noqonuniy  ishga qabul qilish bilan bog‘liq 7 ta holat aniqlanib, bartaraf etilgani, tanlovsiz ishga qabul qilish bilan bog‘liq 5 ta mehnat shartnomasi hamda 17 ta holatda chiqarilgan buyruqlar noqonuniy deb topilib, bekor qilingani, buning natijasida 5 nafar aybdorga nisbatan  intizomiy, 11 nafariga ma’muriy jarimalar qo‘llanilgani, Agentlikning tashkil etilgani davlat fuqarolik xizmati xodimlarini ishga olish bilan  bog‘liq ko‘pgina noqonuniy holatlarga chek qo‘yish, ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini olish, ish samaradorligining oshishida muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.

–OAV vakillari uchun o‘tkazilgan press-tur davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyati filiali tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar igari matbuot anjumani tarzida o‘tkazilib, raqamlar orqali ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi press-tur davomida o‘quv, tanlov, raqamlashtirish jarayonlari to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatib berildi,– deydi filial rahbari Otabek Mavlonberdiyev.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri