"Uzbekistan Government Quality Award – 2024" dasturining 2-bosqichi natijalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda BAAning oliy martabali delegatsiyasi, jumladan, dasturning hakamlar hay’ati a’zolari, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish va Strategik islohotlar agentliklari rahbariyati, mas’ullari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda davlat xizmatini ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida ikki tomonlama hamkorlik tobora kengayib borayotgani ta’kidlandi. Shundan so‘ng, dastur natijalari ma’lum qilindi. Unda loyiha to‘liq raqamlashtirilgani, mutaxassislar tomonidan vazirliklarda seminarlar o‘tkazilgani, 3 ta yangi — HR, yosh davlat xizmatchisi va ayol davlat xizmatchilari kategoriyalari ta’sis etilgani ma’lum qilindi.

Taqdim etilgan tavsiyalar dasturda qatnashgan har bir vazirlikda chuqur tahlil qilinishi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarning ijrosini sifatli ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muloqot davomida “O‘zbekiston davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash” dasturining 2-bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimini o‘tkazish muddati bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, ushbu dastur — mamlakatda davlat boshqaruvi va davlat xizmati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan.

O‘zA