Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatiga tanlov asosida ishga qabul qilinadi
09:47 / 2022-05-14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 mayda “Davlat boshqaruvi sohasidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, shuningdek, filial tomonidan o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.  

Qarorning 8-bandiga ko‘ra kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizimni 2023 yil 1 yanvarga qadar joriy etish, xususan, vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron tarzda amalga oshirish belgilangan.

– Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biri vakant lavozimlarga ochiq mustaqil tanlovlar o‘tkazish bo‘lib, ushbu tizim bugungi kunda to‘liq avtomatlashtirilmoqda, – dedi agentlik Samarqand viloyati filiali rahbari X.Nazarov. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi. Davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish, barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida Agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ishlab chiqildi. Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish bo‘yicha yagona elektron tizim bo‘lib, internet tarmog‘ida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Portaldagi davlat organlarining vakant lavozimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi. 

Portal orqali joriy yilning 12 may holatida respublikaning 70 dan ortiq vazirlik va idoralari hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha 66 740 ta tanlov e’lon qilinib, ushbu vakant lavozimlarga jami 791 888 nafar nomzod tomonidan hujjat topshirilgan. Hududlar kesimida eng ko‘p tanlovlar Samarqand viloyatida o‘tkazilgan bo‘lib, 7589 tani tashkil qiladi. 

Shundan 6507 tasida tanlovlar yakunlangan. Yakuniga yetgan tanlovlar bo‘yicha 3328 nafar malakali nomzodlar davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilindi. Ularning 1352 nafari xotin-qizlardan iborat. Hozirgi kunda 66 ta lavozim bo‘yicha hujjatlar qabul qilinishi davom etmoqda. Viloyat bo‘yicha 42 ta boshqarmalar va ularning quyi tarkibiy tuzilmalari hamda 17 ta hokimlik tanlovlar tizimiga ulangan. 

Agentlik filiali tomonidan tashkilotlarda o‘tkazilayotgan ochiq tanlovlar jarayonlari muntazam monitoring qilib boriladi, monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tashkilot rahbarlariga tegishli ravishda taqdimnomalar kiritib borilmoqda.

Endilikda vacancy.argos.uz platformasi YAMMT bilan to‘liq integratsiya qilinganligi sababli tashkilotda mavjud vakant shtat birligi avtomatik ravishda ochiq mustaqil tanlov tizimida e’lon qilinadi, ya’ni, tashkilot rahbarlari o‘zlarida mavjud vakant lavozimlarni yashirish imkoniyatiga ega emas. Bu ham tizimda inson omilini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan asosiy yangiliklardan biridir. Bundan tashqari davlat organlari va tashkilotlarida mavjud vakant lavozimni ushbu platforma imkoniyatlari yordamida avvalgidek oylar davomida emas, balki belgilangan 20 kunlik muddat davomida munosib kadr bilan to‘ldirish imkoniyati bor. Bunda o‘sha tashkilotda oylab bir lavozim vakant bo‘lib turish holati bartaraf etilmoqda.

Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillari, anjumanni onlayn kuzatib borgan fuqarolar qaror mazmun-mohiyati, shuningdek, filial faoliyati, vakant lavozimlarga o‘tkazilayotgan ochiq tanlovlarga doir bo‘lgan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

G‘.HASANOV, O‘zA