Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatiga kadrlar tanlashda xorijiy tajriba
11:22 / 2021-08-04

Har bir davlatda har doim kadrlar masalasi birlamchi bo‘ladi.

Ko‘p hollarda kadrlar siyosatini isloh qilish zarurati paydo bo‘ladi.  

bugungi kunda O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilish meritokratiya tamoyili asosida, ya’ni eng munosib, malakali va bilimli xodimlarni ishga qabul qilish nazarda tutilgan.

Ochiq tanlovlarni tashkillashtirish, ularni o‘tkazilishida shaffoflikni ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va uning hududiy filiallari zimmasiga yuklatilgan.

Shu maqsadda, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz ishga tushirildi.

Mazkur portal orqali joriy yilning 4 avgust holatiga ko‘ra, jami 2638 ta vakansiya e’lon qilinib, 13 310 nafar nomzod tanlovlarda ishtirok etish istagini bildirib hujjat yubordi. Ulardan 2372 nafari davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilindi.  

Ushbu tizimning afzalligi barchaga davlat fuqarolik xizmatiga kirishda teng imkoniyat yaratishidadir.

Ammo bu borada xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilishi kerak.

Xorijiy davlatlarda bu boradagi ishlar qanday?

AQSHda 1978 yili Fuqarolik xizmatini isloh qilish Qonuni qabul qilinishi bilan davlat xizmatchilari faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi uchta organ –xodimlarga rahbarlik boshqarmasi, alohida maslahatchi boshqarmasi hamda xizmatlar tizimini muhofaza qilish kengashlari tashkil etilgan.  

Shuningdek, mazkur qonun bilan tashkil etilgan yangi organlar oldiga davlat xizmatchilarini tanlashda uchta turlicha vazifa biriktirilgan bo‘lib, ular bir-birining faoliyatiga aralashmaydi.

Masalan, birinchi organ – xodimlarni tanlash, o‘qitish va ilgari surishni boshqarish bilan shug‘ullansa, ikkinchi organ – davlat xizmatchilari faoliyatidagi huquqiy-me’yoriy buzilish holatlarini o‘rganish va surishtirish bilan shug‘ullanadi. Uchinchi organ esa huquqbuzarliklar ustidan davlat xizmatchilarining javobgarligi masalasida qaror chiqaradi.  

Ishga qabul qilishda arizani ko‘rib chiqish, imtihon yoki suhbat o‘tkazish, ishonchlilikni tekshirish, lavozimga nomzodni to‘g‘ri tanlash, sinov muddatida tekshirish kabi jihatlarga e’tibor qaratilib, tanlov imtihonlari yozma va og‘zaki shaklda o‘tkaziladi va nomzodlarning malakasi va lavozimga loyiqligi tekshiriladi. Sinov muddati qonunga ko‘ra, bir yil bo‘lib sinovdan o‘tmagan nomzodlar, o‘zining avvalgi lavozimiga teng lavozimga, oyligi kam bo‘lmagan holda tayinlanish huquqini oladi. Imtihon talablari Kadrlar xizmati boshqarmasi bilan kelishilgan holda o‘tkaziladi.  

Singapur Davlat xizmati xodimlarini tayyorlash institutida 1993 yilda yuqori lavozimli amaldorlarni tayyorlash maqsadida Davlat xizmati kolleji ochilgan. Hozirgi kunda har bir amaldor yiliga 100 soatlik tayyorlov mashg‘ulotlarini o‘tashi shart.

Singapur davlat xizmati Osiyodagi eng samarali tizimlardan biri sanaladi. Ushbu samaradorlik qat’iy intizom, amaldorlarning mehnatsevarligi va tirishqoqligi, korrupsiyaning past darajasi, meritokratiya tamoyillari asosida iqtidorli xodimlarning ishga qabul qilinishi, kompaniyalar tomonidan taqdim qilinayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida muntazam ravishda amalga oshiriladigan yuqori tayyorgarlik, mamlakat siyosiy yetakchilari tomonidan yuqori talablarning qo‘yilishi, takomillashishga bo‘lgan tinimsiz intilishning samarasidir.  

Buyuk Britaniyada – Fuqarolik xizmati komissiyasi 1991 yilda tuzilgan bo‘lib, yuqori mansabga da’vogar shaxslar ushbu komissiyaga murojat etadi. Komissiya tomonidan yozma sinov va suhbat orqali tanlov tadbiq etilib, sinovlar Kembridj va Oksford uneversitetlari dasturi asosida amalga oshiriladi.  

Ma’muriy boshqaruv organiga nomzodlar universitetlarning 20-28 yoshdagi bitiruvchilari orasidan arizaga asosan olinadi. Sinovlar ma’ruza shaklida, test va suhbat orqali amalga oshiriladi. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganlarga komissiya xizmatchi guvohnomasini beradi va bu nomzodga muvofiq keladigan mansabga tayinlanish imkoniyati, deganidir.

Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, davlat xizmatining mansabdor shaxslari 4 ta daraja (rang)ga bo‘linadi: 1) kichik; 2) o‘rta; 3) katta; 4) oliy darajali. Mansabga tayinlanadigan nomzodning shaxsi aniqlangandan so‘ng, bu shaxs sinov muddatini o‘tashi lozim. Sinov muddati mansabdorning darajasiga qarab: kichik darajadagi mansabdor 1 yil, o‘rta darajadagilar 2 yil, katta darajadagilar 3 yil, oliy darajadagilar esa 4 yil sinov muddatini o‘taydi.

Yaponiyada davlat xizmati faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ma’muriy, diplomatiya va sud sohalaridan iborat. Yaponiya davlat xizmati kadrlari deyilganda, nafaqat boshqaruv xizmati mansabdorlari, balki davlatga qarashli bo‘lgan barcha korxonalar, davlatga qarashli temir yo‘l, televideniye, maktablarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va o‘zini o‘zi himoya qilish kuchlarida faoliyat yuritayotgan harbiylar va politsiya xizmatchilari tushuniladi.

Yaponiyadagi mavjud boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilgan “umrbod yollanib ishlash”, “kadrlar rotatsiyasi”, “ish joyida qayta tayyorlash”, “mehnatga haq to‘lash tamoyillari”ni asos sifatida ko‘rish mumkin.  

Yaponiyada davlat xizmatiga tanlanishda har bir fuqaro teng imkoniyat va huquqlarga ega ekanligi konstitutsiya normalari bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Davlat xizmati mansablari uchun o‘tkaziladigan imtihonlarga faqat Yaponiya fuqarosi bo‘lgan nomzodlargina qo‘yiladi. Davlat xizmatining ba’zi bir maxsus sohalari uchun yana qo‘shimcha cheklovlar ham qo‘yilgan. Masalan, chet ellik fuqaro bilan turmush qurgan da’vogar hech qachon Tashqi ishlar vazirligiga ishga qabul qilinmaydi.  

Alisher Abduvaliyev,  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Sirdaryo viloyati filiali Kadrlar ma’muriyatchiligi bo‘limi bosh inspektori.

O‘zA

 

(Sh.Suyarov)