Termiz shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali vakant o‘rinlarga tanlov o‘tkazish tartibi, o‘tkazilayotgan ochiq tanlovlarning suhbat bosqichida yuzaga kelayotgan muammolar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim masalalarga bag‘ishlangan seminar tashkil etdi.
Tadbirda vakant o‘rinlarga tanlov o‘tkazuvchi komissiya raisi, shahar hokimi O‘.To‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali rahbari o‘rinbosari Sh.Misirov, filial bosh inspektori I.Karimov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda davlat boshqaruvi hamda inson resurslarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Surxondaryo viloyatida ham davlat organlari va tashkilotlariga xodimlar mustaqillik, odillik va shaffoflik tamoyillari asosida qabul qilinmoqda. Nomzodlar adolatli baholanib, ular orasidan eng munosiblari tanlab olinmoqda. Bu tartib davlat xizmatiga hujjat topshiradigan nomzodlarning tizimga ishonchini oshirib, vakant lavozimlarni eng munosib nomzodlar egallashiga xizmat qilayotir. Seminarda komissiya a’zolari ishtirokida tanlov o‘tkazish tartibi, o‘tkazilayotgan ochiq tanlovlar suhbat bosqichi va yuzaga kelayotgan muammolar xususida atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, Termiz shahar hokimligidagi qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha majmuasi bosh mutaxassisi, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha majmuasi yetakchi mutaxassisi hamda shahardagi Eski shahar mahallasi hokim yordamchisi vakant lavozimlariga 7 nafar nomzod bilan suhbat o‘tkazildi. Nomzodlarga savollar random tizimi orqali taqdim etilib, suhbat bosqichi onlayn – internet tizimi orqali yoritildi.
Tanlov komissiyasi a’zolariga suhbat natijasini aniqlashda xolislik, adolatlilik va tenglik prinsiplariga qat’iy rioya etish yuzasidan taklif hamda tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri