Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatiga ishga qabul qilishda qonunbuzilish holatlari sabab 51 tanlov jarayoni to‘xtatildi
18:11 / 2023-07-17

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan joriy yil birinchi yarmida qanday ishlar amalga oshirildi?

Bu savolga agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova javob berdi: 

– Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlariga ochiq tanlovlarni o‘tkazish yo‘nalishida vacancy.argos.uz portali orqali 68 vazirlik va idora hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi jami 149 ming 102 vakant lavozimga 48,5 mingdan ortiq malakali nomzodlar ishga qabul qilindi. 

Hududiy tashkilotlardagi 554 nafar nomzod uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Tajriba-sinov sifatida 17 nafar nomzod bir hafta muddatga vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, viloyat va tuman hokimlariga dublyor sifatida biriktirildi.  

Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun malaka oshirish kurslari, o‘quv amaliy-seminar, trening va stajirovkalar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilib, 2022-2023 yillarda 77 mingdan ortiq  davlat fuqarolik xizmatchisi ishtirok etdi.  

Ilm.argos.uz masofaviy ta’lim portali ishga tushirildi, unda 466 dan ortiq videomaterial, 240 dan ortiq elektron adabiyot joylashtirildi. Hozirda tizimda 64 ming 521 nafar davlat xizmatchisi ro‘yxatdan o‘tgan.  

Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun sakkizta  kompetensiyani o‘z ichiga olgan bazaviy kompetensiyalar modeli ishlab chiqildi.  

test.argos.uz tizimi orqali 56 mingdan ortiq davlat xizmatchisi psixologik testlar topshirdi. 1,1 ming nafar davlat xizmatchisi “ko‘nikmalar pasporti” va 8,5 mingga yaqin davlat xizmatchisi, shu jumladan, 406 nafar rahbar uchun psixologik portret shakllantirildi.  

Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun shart-sharoitlar yaratish masalasida kompleks o‘rganishlar va 558 marotaba monitoring o‘tkazildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha 3 ming 828 qonunbuzilish aniqlanib, 492 taqdimnoma, 475 ogohlantirish xati kiritildi hamda 31 nafar aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan vakolatli organlarga taklif berildi.  

Ko‘rilgan choralar natijasida 430 nafar xodimning mehnatiga haq to‘lashga oid buzilgan huquqlari tiklandi, 66  noqonuniy buyruq (ishga qabul qilish to‘g‘risidagi) bekor qilindi. 24 nafar aybdor shaxs ma’muriy jarimaga tortildi, qonunbuzilish holatlari sabab 51 ta tanlov jarayoni to‘xtatildi.  

Davlat fuqarolik xizmatida kadrlar bilan ishlash jarayonlarini raqamlashtirish yo‘nalishida “Davlat fuqarolik xizmati sohasida inson resurslarini boshqarish” “hrm.argos.uz” axborot tizimi joriy etildi.  

Sektor rahbarlari faoliyati samaradorligini baholashning avtomatlashtirilgan axborot tizimi “samaradorlik.uz” sinov tariqasida ishga tushirildi.  

Mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan yuqori natijalarga erishgan nomzodlarni tanlab olish bo‘yicha “zaxira.argos.uz” manzilida maxsus platforma ishlab chiqildi. 

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan xorijiy turdosh tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik asoslarini belgilaydigan oltita ikki va ko‘p tomonlama hujjat va memorandumlar imzolandi. Shulardan to‘rttasi oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida imzolangan.  

N.Abduraimova, O‘zA