Davlat xizmatiga ishga kirish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi...
Bugungi kunda yurtimizda taxminan 123 ming nafarga yaqin davlat xizmatchisi bor.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Mazkur agentlik davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul organ etib belgilandi.
Bugungi kunda yurtimizda taxminan 123 ming nafarga yaqin davlat xizmatchisi bor. Ular orasidan kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini odilona va ob’ektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli shaxslarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish hamda ularning xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilishini nazarda tutuvchi meritokratiya (munosiblar hokimiyati) tamoyilini qo‘llash asosida tanlab olish yuqoridagi farmonda belgilab berilgan. Shu nuqtai nazardan bugungi kunda kadrlarning davlat fuqarolik xizmatiga kirib kelishi uchun yangi innovatsion, oson hamda shaffof yo‘llar taqdim etilmoqda.
Jumladan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan mazkur vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida jahonning ko‘plab mamlakatlaridagi tajribalarni o‘rganib, hozirda ochiq mustaqil tanlov orqali davlat fuqarolik xizmatidagi bo‘sh lavozimlar munosib nomzodlar tomonidan egallanishi uchun “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” (https://vacancy.argos.uz/) ishlab chiqilib, test rejimida joylashtirildi.
Yaqin kunlarda rasman ishga tushirilishi rejalashtirilgan ushbu portalda davlat fuqarolik xizmatidagi bo‘sh lavozimlarga qiziqish bildirgan har bir jismoniy shaxs mazkur tanlovda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Eng asosiysi, farmonda ochiq mustaqil tanlov asosida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinadigan shaxslar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va tegishli ravishda uning filiallari bilan kelishmasdan turib lavozimdan ozod qilinishi mumkin emasligi qat’iy belgilab berilgan. Shuningdek, farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalarining rahbarlari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va tegishli ravishda ularning filiallari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Nega bunday talab qo‘yildi? Sababi, davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar bo‘linmalari rahbarlari kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmatining zamonaviy tamoyillarini joriy etishda eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shu sababdan ham ularning lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod etilishi masalasi agentlik tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
Davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar bo‘linmalari rahbarlari endilikda texnik ishlarni amalga oshiradigan xodim emas, balki Inson resursini boshqarishda (Human Resource Management) tashkilot rahbariga maslahatchi bo‘lmog‘i darkor.
Yuqorida qayd etilgan Farmonning 11-bandida barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnat huquqlariga so‘zsiz rioya etish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish holatlariga, shuningdek davlat fuqarolik xizmatini obro‘sizlantiradigan boshqa xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga esa mazkur band talablariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash va ushbu talablarning buzilishiga yo‘l qo‘yadigan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritish vakolati berilgan.
Bu kabi vakolatlarning berilishi davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish, ularga munosib shart-sharoit yaratish, shuningdek davlat fuqarolik xizmatini obro‘sizlantiradigan boshqa xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun kun talabi — inson kapitaliga asosiy e’tibor qaratish, yosh, salohiyatli, bilimli va intiluvchan kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xizmat pog‘onalarida ko‘tarilishini ta’minlashdir.
Albatta bu kabi harakatlarning barchasi yurtimiz aholisining davlat idoralari va davlat xizmatchisiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, davlat fuqarolik xizmatidagi bo‘sh lavozimlarga ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda chindan ham ilmli, ma’rifatli va tajribali kadrlarning kelishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.Chunki ilm va ma’rifatli, yuksak tajriba va salohiyatga ega kadrlar davlatimizning barqaror rivoji uchun chinakam kamarbasta bo‘la oladi.
Dilmurod SA’DULLAEV,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Samarqand viloyati filiali rahbari