Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatida yetuk kadrlarni ko‘paytirish malaka oshirish tizimiga ham bog‘liq
10:34 / 2022-09-26

Joriy yil avgust oyida qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat organlari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 118 ming nafardan ortiq kadrlarning huquqiy maqomi belgilandi.

Shu bilan birga, mazkur qonunda kadrlar malakasini oshirib borish masalasi doimiy kun tartibiga qo‘yildi. Toki ular xalqqa xizmat qilish jarayonida yuqori malakasi, professionalligini namoyon eta olishi kerak. Davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish shartlarida ham ulardan tegishli malaka talablarini egallagan bo‘lishi talab etiladi. 

Bu YUNESKOning “Uzluksiz kasbiy rivojlantirish” konsepsiyasi talablariga ham muvofiqdir. Demak, kadrlar salohiyatini muttasil oshirib borishga qaratilgan uzluksiz ta’lim tizimi nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham muhim jarayon.  

Zero, vaqt o‘tishi bilan har qanday jamiyat rivojlanib boradi, qo‘llaniladigan uslub va texnikalarni esa gapirmasa ham bo‘ladi. Kadrlar esa zamon bilan hamnafas bo‘lgandagina sifatli xizmat ko‘rsatishga, o‘z sohasini rivojlantirishga qodir bo‘ladi. 

Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda ham barcha sohalarda kadrlar malakasi va salohiyatini oshirib borishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Bu ajdodlardan meros bo‘lib qolgan «Beshikdan qabrgacha ilm izla» hikmatiga ham mutanosibdir. Zero, insoniyat erishgan yutuqlar zamirida faqat izlanish,  ilm olish mujassam.  

Endi uzluksiz ta’limning huquqshunos kasbi uchun ahamiyati xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu kasb doimiy ravishda ham nazariy ham amaliy kasbiy bilim va ko‘nikmalarni chuqurlashtirib borishni talab etadigan kasb, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan xodimlarning salmoqli qismini yurist kadrlar tashkil etadi.  

Huquqiy masalalar va muammolarga yechim topish uchun nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy tajriba, kasbiy mahorat ham muhim. Shu nutqai nazardan bu kasb doimiy ravishda qonunchilikni o‘qib-o‘rganish, sud amaliyoti bilan yaqindan tanishib borish hamda o‘z malakasini uzluksiz oshirib borishni talab etadi. 

Shu maqsadda Adliya vazirligi qoshida Yuristlar malakasini oshirish markazi tashkil etilgan. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “Yuridik sohaga oid bilim talab etadigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Adliya organlari xodimlari va rahbar kadrlarining kasbiy bilimi, ko‘nikmalari va malakasini doimiy oshirib borilishi belgilandi.  

Qaror bilan kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil qilish, har bir xodimning individual trayektoriyalari bo‘yicha malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona ma’lumotlar bazasi — elektron platformani yaratish va amaliyotga joriy etish belgilandi. 

Markazda “Uzluksiz kasbiy rivojlantirish platformasi” (mk.uzmarkaz.uz) ishga tushirildi. Hozirda ushbu tizimda reja-grafik asosida tuman (shahar) adliya bo‘limlari xodimlarining malakasi oshirilmoqda.  

Xodimlarning har ikki yilda bir marotaba malaka oshirish o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishi majburiy hisoblanadi. 

Joriy yilning o‘tgan davrida 198 malaka oshirish guruhlari uchun o‘qishlar tashkil etilib, ularda 7 ming 231 nafar tinglovchi malaka oshirdi. Ular orasida notariuslar, yuridik xizmat xodimlari, advokatlar, mediatorlar hamda boshqa tashkilotlar xodimlari bor. 

Bundan tashqari, tinglovchilarga o‘quv-mashg‘ulotlarda qatnashishi uchun qulayliklar yaratish, xarajatlarini tejash maqsadida 5 mingdan ziyodi tinglovchiga onlayn shaklda malaka oshirishga sharoit yaratildi.  

Shokir Saidov,  
Yuristlar malakasini oshirish markazi  
direktorining birinchi o‘rinbosari. 
O‘zA