Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatida uzoq kutilgan qonun...
08:02 / 2022-08-10

Vazirlik va idoralar mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tayyorlangan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat.

Mazkur qonun O‘zbekistonda ijro hokimiyati funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi.

Bundan buyon davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha vazirlik va idoralarda xodimlarni ishga qabul qilish, faoliyati samaradorligini baholash, ularni xizmat pog‘onalarida o‘stirish, rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash va xizmatni tugatish masalalarida har xil yondashuvlarga barham beriladi.

Xo‘sh, bu qonunni qabul qilishga qanday ehtiyoj bor edi?

Birinchidan, shu kungacha bu sohada qonuniylik, ochiqlikni ta’minlash, korrupsion holatlarning oldini olishga yo‘naltirilgan samarali mexanizmlarni belgilovchi yaxlit qonun hujjati bo‘lmagan.

Ikkinchidan, davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ma’muriyatchiligining zamonaviy usullarini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq joriy etish huquqiy jihatdan mustahkamlanmagandi.

Alohida qayd etish lozimki, qonunni ishlab chiqishda xalqaro tajribalar o‘rganildi, ilg‘or xorijiy davlatlardagi amaliyotning eng ma’qul jihatlari milliy qonunga singdirildi. Masalan, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH kabi davlatlar tajribasi mutaxassislar tomonidan sinchiklab o‘rganildi. Shuningdek, jarayonda xorijiy ekspertlar ham ishtirok etgani uning xolisligini ta’minladi. Masalan, xalqaro ekspert, BMT Xalqaro davlat xizmati komissiyasi a’zosi, Yonsei universiteti professori Pan Sok Kim bu qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.

Uning e’tiroficha, O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan yuqoridagi qonun hukumat rivojlanishi va ma’muriy islohotlarning asosi, deyish mumkin va u ancha puxta pishitilgan.

Endi bevosita qonun bilan tanishib o‘tsak, unda davlat organlarida fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi. Jumladan, davlat xizmatiga davlat tilini biladigan, tegishli malaka talablariga javob beradigan O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga

40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilanadi. Ularga «hayfsan», «jarima» ishdan bo‘shatish bilan bir qatorda malaka darajasini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazolar ham qo‘llaniladi. Davlat xizmatchilariga 27 kundan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’til beriladi.

Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatchilariga «siyosiy» (vazir, rais, direktor va boshqa), «boshqaruv» (departament, boshqarma va bo‘lim boshliqlari) va «yordamchi» (mutaxassis, inspektor va konsultantlar) malaka darajalari beriladi. Bunda ma’lumoti, ish staji va malaka oshirish kurslarining natijalari hisobga olindi. Bu bilan endilikda yuristlar, huquqni muhofaza qiluvchi va mudofaa organlaridagi xodimlarning maxsus unvonlari kabi fuqarolik xizmatchilari ham maxsus martabalar, ya’ni malaka darajalariga ega bo‘ladi.

Qonunga ko‘ra, davlat xizmatchisi o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslarning aynan bitta davlat organi va tashkilotida birga xizmat qilishi mumkin emas. Ularning pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat turlari bilan, qolaversa, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xizmat vakolatlarini boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olish qat’iy taqiqlanadi. Bundan tashqari, davlat xizmatchilari O‘zbekiston hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, chet elda ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga haqli emas. Ular chet davlat fuqaroligini olishi, siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lishi taqiqlanadi.

Belgilangan cheklovlarga rioya etilmagan taqdirda davlat fuqarolik xizmatchisi nafaqat ishdan ketishi, balki jinoiy javobgarlikka tortilishiga asos bo‘ladi.

Qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmaydi.

Bundan tashqari, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlarni egallab typgan davlat fuqarolik xizmatchilari majburiy rotatsiya qilinadi. Shu bilan birga, qonunga ularning odob-axloq qoidalariga rioya etish shartligi, davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishi, o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi, davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi shartligi kabi muhim normalar kiritildi.

Qonundagi yana bir muhim jihat, bu – davlat xizmatchisi daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi shart.

Qonunga ko‘ra, uning amal qilishi ayrim toifadagi davlat xizmatchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ya’ni Prezident, Bosh vazir, deputat va senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi, Markaziy bank boshqaruvi a’zolari, sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun qo‘llanilmaydi.

Chunki yuqorida keltirib o‘tilgan sohalardagi davlat xizmatini tartibga soluvchi alohida qonunlar mavjud. Masalan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining faoliyati «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi, «Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi, «Mudofaa to‘g‘risida»gi qonun va boshqa shu kabi maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. Mazkur qonun talablari esa faqat Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda ishlovchi xodimlar uchun majburiy sanaladi.

Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati sohasida vakolatli organ etib – Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi. Agentlikning davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari ham belgilab berildi.

Agentlik mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlash borasida bir qator vazifalar va chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Maryam Abdukarimova,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining

Toshkent shahar filiali bosh inspektori

iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)