Bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida har bir sohada kechayotgan islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash, adolat ustuvorligini mustahkamlash va samaradorlikni oshirishga qaratilmoqda. Bu jarayonda davlat boshqaruvi tizimini tubdan yangilash, zamonaviy va samarali mexanizmlarni joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki har qanday islohotni amalga oshirishda asosiy kuch bu bilimli, mas’uliyatli va yuksak ma’naviyatli kadrlardir.
Prezidentimizning 2025 yil 19 iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yangi davrni boshlab berdi. Mazkur hujjat fuqarolik xizmatini to‘liq yangilash, uni samarador, ochiq va xalqqa xizmat qiluvchi tizim sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Davlat fuqarolik xizmati bugun jamiyat taraqqiyotining lokomotiviga aylanmoqda. Ya’ni, har bir xizmatchi mamlakat rivojida faol ishtirokchi bo‘lishi kerak. Yangi yondashuvlar davlat organlari faoliyatida mas’uliyat, intizom, samaradorlik va shaffoflikni ta’minlaydi. Ushbu hujjat kelajakda yangi avlod xizmatchilarini shakllantirishga, ularni davlatga sadoqatli, xalqqa xizmat qiluvchi kadrlar sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.
– Mamlakatimiz rahbarining farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida davlat tashkilotlari, o‘quv muassasalarida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda, – deydi Namangan viloyat hokimligining tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Bahodir Boboxonov. – Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Namangan davlat texnika universitetida o‘quv-amaliy shaklda bo‘lib o‘tib, unda davlat fuqarolik xizmatida samaradorlik va ochiqlikka asoslangan yondashuvlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Qayd etilganidek, davlat xizmatchilari endi o‘z lavozimini oddiy ma’muriy vazifa sifatida emas, balki xalq oldidagi mas’uliyatli burch sifatida anglashlari lozim.
Fuqarolik xizmatining yangi tizimi kadrlarni tanlashda adolat va shaffoflikni ta’minlash, ularning malakasini oshirish va doimiy ravishda baholashga asoslanadi. Tanlov jarayonlari raqobatbardosh bo‘lib, faqatgina bilimli, fidoyi va yuksak ma’naviyatli mutaxassislar davlat xizmatiga qabul qilinadi. Ushbu siyosat mamlakatimizda ochiq va samarali davlat boshqaruvini shakllantirishga xizmat qiladi.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilar bugungi kundagi muhim va dolzarb vazifalarni hayotga izchil tatbiq etishda faol ishtirok etishlarini bildirdilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.