French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatida ishlash imtiyoz emas, bu – mas’uliyat
16:26 / 2025-07-04

Yangi farmon

O‘zbekistonda davlat xizmati haqida gap ketganda, ko‘p yillar davomida qog‘ozbozlik, raqobatdan xoli muhitni tasavvur qilar edik. Bir so‘z bilan aytganda, bu ish “faoliyat turi” emas, “imtiyoz” sifatida ko‘rilardi. Zamon o‘zgarmoqda, demak, davlat xizmati tizimi ham shunga mos tarzda yangilanishi shart. 

Joriy yil 19 iyun kuni “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  Prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan belgilangan vazifalar, uning mohiyati, yangi professional davlat xizmatchilari korpusini yaratish yo‘lidagi ahamiyati xususida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Toshkent shahar filiali rahbari Shohrux MAMAJONOV bilan suhbatlashdik. 

– Bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar markazidagi asosiy g‘oya – davlat organlari xalq manfaati yo‘lida xizmat qilish lozim, – dedi Sh.Mamajonov. – Bu, o‘z navbatida, eskicha ishlash tizimidan voz kechib, zamonaviy, davr talabiga mos davlat xizmatiga o‘tishni bildiradi. Prezidentimizning “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni davlat fuqarolik xizmatini tubdan isloh qilish va 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish uchun keng qamrovli dastur hisoblanadi. Bu hujjat davlat xizmatidagi eski stereotiplarni parchalaydigan, natija va xalq manfaatini ko‘zlab, sifatli xizmatni amalga oshiradigan yangi professional davlat xizmatchilari korpusini yaratish davrini boshlab bermoqda.

Farmon bilan tizimdagi ba’zi avvalgi deklarativ yondashuvlarni chetga surib, aniq indikatorlarga, raqamlashtirishga va natijaga yo‘naltirilgan mexanizmlarni amalga joriy etish ko‘zlangan. Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini ochiq, samarali, insonga yo‘naltirilgan tizimga aylantirish maqsad qilingan. Davlat fuqarolik xizmatchisi endi faqat buyruq bajaruvchi emas, balki strategik fikrlovchi, jamoatchilik oldida javobgar, samaradorlikka ishlaydigan inson hisoblanadi. Eng muhimi, xodimni tanlash, o‘qitish, baholash va rag‘batlantirish mezonlari endi ochiq va adolatli bo‘ladi. Farmon orqali ilk marta davlat fuqarolik xizmati sohasini to‘liq raqamlashtirish, malakali kadrlar siyosati, inson resurslarini boshqarish, ijtimoiy himoya, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida qayta qurish ko‘zda tutilgan. Bir so‘z bilan aytganda, davlat xizmatida ishlash imtiyoz emas, bu – mas’uliyat.

– Davlat fuqarolik xizmatida asosiy o‘zgarishlar va yangi qoidalar nimalardan iborat?

– Avvalo yangi kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan xodimlar bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra nomuayyan muddatga uzaytiriladi. Bu o‘zgarish kadrlar sifatini nazorat qilish va eng munosib xodimlarni saralashga qaratilgan.

Shuningdek, kompetensiya bosh mezon bo‘ladi. Davlat xizmatida endi “tanish-bilish” emas, bilim, qobiliyat va shaxsiy mas’uliyat birinchi o‘ringa chiqadi. Har bir lavozim uchun aniq kompetensiyalar profili ishlab chiqiladi. Vakant lavozimlarga qabul “vacancy.argos.uz” portali orqali shaffof tanlov asosida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, davlat xizmatchilari doimiy bilim va ko‘nikma sinovlaridan o‘tadi.

– Kadrlar malakasini oshirish qanday yo‘lga qo‘yiladi?

– Malaka oshirish majburiy bo‘lib, davlat tomonidan moliyalashtiriladiYangi qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini o‘tashi va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini tamomlashi belgilangan. Diagnostikada davlat xizmatchilarining tegishli soha bo‘yicha bilim darajasi, kompyuter savodxonligi, xorijiy tillarni o‘zlashtirganligi, psixologik diagnozi va intellektuallik koeffitsiyenti (IQ) kabi ko‘rsatkichlari baholanadi. Bundan tashqari, davlat xizmatchisi har yili onlayn va oflayn shaklda o‘z malakasini oshirib boradi. Ta’lim xarajatlari davlat byudjeti, xalqaro tashkilotlar yoki maxsus grantlar hisobidan qoplanadi. Malakali kadrlarga reytingiga qarab rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi (mukofot, lavozimda yuqorilash, ijtimoiy paketlar).

Yana bir jihat: davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi. “Respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri” shakllantirildi. Bu – belgilangan yagona ro‘yxat (reyestr) bo‘lib, u orqali butun mamlakat bo‘ylab qaysi davlat idorasida qanday lavozimlar mavjud ekanligi rasman qilib tasniflangan. Har bir lavozim uchun aniq vazifalar, malaka va maosh ko‘rsatiladi. 

Bu reyestr davlat xizmatini “shaffof”, “tizimli” va “adolatli” qilishga qaratilgan asosiy huquqiy vosita bo‘lib, davlat idoralari ichidagi barcha lavozimlar yagona tartibga keltiriladi va kelajakda raqobatli, samarali fuqarolik xizmati shakllanishiga zamin yaratiladi. 2026 yildan boshlab esa iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni aniqlash uchun “TOP-100” dasturi joriy etiladi. Har ikki yilda bir marta 100 nafar salohiyatli boshqaruv kadrlarini saralab olish bo‘yicha Respublika tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

– Farmonda korrupsiyaga qarshi mexanizmlar va kuchli jamoatchilik nazorati xususida qanday vazifalar ilgari surilgan?

– Farmonda davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish uchun “halollik vaksinasi“ni singdirish hamda preventiv mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilgan. Bunda korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash mexanizmi joriy etiladi. Jumladan, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish uchun “Xizmat safari” yagona moduli joriy etiladi. Kadrlar faoliyatida korrupsiyaga qarshi alohida standartlar belgilab beriladi hamda har bir davlat idorasi o‘z faoliyatini jamoatchilikka hisobot qilib taqdim etadi.

Raqamlashtirish va texnologik o‘zgarishlar borasida esa 1 sentyabrdan boshlab “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushirilib, masofaviy tarzda kompetensiyalarni rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

O‘z o‘rnida davlat organlari faolligining milliy reytingi ham yuritiladi. Bu kelgusi yil 1 yanvardan boshlab joriy etiladi. Reyting inson resurslarini boshqarish samaradorligi, davlat xizmatlari sifati, faoliyatning ochiqligi, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi, raqamlashtirilganlik darajasi kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

– Xotin-qizlarni davlat xizmatiga jalb qilish choralari qanday belgilangan?

– Davlat xizmatiga xotin-qizlarni keng jalb qilish uchun ularning sohaga bo‘lgan qiziqishi, manfaatdorligi va ishonchini oshirish yo‘nalishi belgilangan. Avvalo moslashuvchan ish rejimlari va masofaviy ishlash imkoniyatlari yaratiladi. Ayollar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar va yoshlar uchun alohida motivatsion dasturlar joriy etiladi. Har bir davlat tashkilotida inklyuziv muhit yaratish majburiy bo‘ladi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoya paketlariga (ijara, transport, bolalar bog‘chasi yordami) alohida e’tibor qaratiladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, 2030 yilgacha davlat idoralarini strategik rejalashtirishni yaxlit tizim bilan qamrab olish 100 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida xotin-qizlarning ulushini 2030 yilgacha 40 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Darhaqiqat, xalq ishonchi davlat xizmati samaradorligining eng qimmatli resursidir. Ishonchni topish qiyin, yo‘qotish oson. Ishonch bo‘lgan joyda rivojlanish va barqarorlik bo‘ladi. Bu farmon avvalo ana shu ishonchni mustahkamlash, davlat fuqarolik xizmatini kompleks isloh qilish, kadrlar sifatini oshirish, raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etishga qaratilgan. O‘zgarishlar esa sohada samaradorlikni sezilarli darajada oshirish va xalqqa xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga olib keladi.

O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.