O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–243-son Farmoni davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, samaradorlikni oshirish va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni joriy etishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Ushbu Farmon davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi (NABT)ni tajriba-sinov tarzida joriy etishni belgilaydi.
NABT — bu davlat organlari faoliyatini boshqarishda strategik maqsadlarga erishishga ustuvorlik beradigan innovatsion yondashuv bo‘lib, an’anaviy boshqaruv tizimlaridan farqli o‘laroq, jarayonlarga emas, balki aniq natijalarga erishishga qaratilgan jarayondir.
Masalan, avvalgi tizimda rahbarning faoliyati faqat belgilangan vazifalarni bajargani yoki bajarmaganiga qarab baholansa, NABTda uning vazifalarini bajarish oqibatida nimalarga erishilganiga qarab o‘lchanadi. Bu modelning asosiy maqsadi — davlat xizmatining samaradorligini oshirish orqali fuqarolar manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilishdir.
Farmonga muvofiq, NABT 2026 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tarzida quyidagi davlat organlarida joriy etiladi:
– Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
– Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
– Namangan va Surxondaryo viloyati hokimliklari;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 oktabrdagi PQ-298-son qarorida belgilangan «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomiga ega 33 ta tuman (shahar) hokimliklari.
Ushbu tajriba-sinov jarayonlari Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bunda Agentlik natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi, uning joriy etilishini uslubiy jihatdan ta’minlaydi hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilganligini samaradorlik.gov.uz elektron platformasi orqali monitoring qiladi.
Farmon NABTning quyidagi asosiy xususiyatlarini belgilaydi:
– Maqsad va natijalarni aniq o‘lchovli shaklda belgilash. Har bir vazifa uchun aniq indikatorlar (KPI) o‘rnatiladi, ular Agentlik tomonidan shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
– Jarayonlar emas, natijalar asosida rejalashtirish va boshqarish. Faoliyat natijalarga yo‘naltiriladi, bu esa resurslarni ortiqcha sarflashning oldini oladi.
– Natijalarni tasdiqlovchi ko‘rsatkichlar orqali baholash. Erishilgan natijalarni baholash va tasdiqlash elektron platformalar orqali raqamlashtiriladi, bu inson omilini cheklaydi, shaffoflikni ta’minlaydi va ortiqcha byurokratik omillarni qisqartiradi.
– Rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini belgilash. Vazirlik va idoralar rahbarlari sohaviy darajadagi natijalar uchun javobgar bo‘ladi. Ular xodimlarning shaxsiy natijadorligi asosida ularni rag‘batlantirish yoki intizomiy chora ko‘rish huquqiga ega bo‘ladi.
-Chief Evaluation Officer (CEO) instituti. Har bir organda rahbar o‘rinbosarlaridan biri natijadorlikni ta’minlashva baholash bo‘yicha mas’ul etib belgilanadi.
NABTning tatbiq etilishi davlat boshqaruvini isloh qilishga xizmat qiladi. Ushbu tizim boshqaruv faoliyatini bevosita natijalarga yo‘naltirish orqali xizmat ko‘rsatish sifati va resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi. Shu bilan birga, har bir rahbar va xodim uchun aniq vazifalarning belgilanishi hamda ijroning elektron monitoring qilinishi tizimda ochiqlikni ta’minlab, korrupsiya xavfini kamaytiradi va hisobdorlikni kuchaytiradi. Eng muhimi, ushbu mexanizm vazirlik va idoralarning ish jarayonlarini “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan strategik jihatdan muvofiqlashtirib, mavjud imkoniyatlarni yagona milliy maqsadlar atrofida birlashtiradi.
G‘olibjon Abduazizov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Boshqaruv samaradorligi agentligi
Yig‘ma axborot-tahlil departamenti boshlig‘i