Jizzax shahrida “Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish sari” mavzusidagi ayol rahbarlar forum-seminari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Jizzax viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Forumda davlat xizmatining turli bo‘g‘inlarida faoliyat yuritayotgan rahbar ayollar, tumanlarning hokim o‘rinbosarlari, “Rahbar ayollar maktabi” tinglovchilari, kadrlar zaxirasidagi mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Forumning asosiy maqsadi — xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki, yetakchilik salohiyati va ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, ular uchun tajriba almashish va kasbiy o‘sish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda boshqaruv sohasida ayollar ulushi 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 35 foizga yetdi. Qonunchilik palatasidagi deputatlarning 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizi xotin-qizlardir. Bu ko‘rsatkichlar Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijasidir.

Forumda sohadagi islohotlar, davlat xizmatini raqobatbardosh kadrlar bilan ta’minlash, rahbar ayollarning hissasi va rolini kuchaytirish haqida ham fikrlar bildirildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ayollarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Seminar davomida turli mavzularda interaktiv mashg‘ulotlar, fikr almashuvlar tashkil etildi. Jumladan, liderlik, xalqparvarlik, kreativ yondashuv, davlat xizmatida oila va karera muvozanatini saqlash, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, jamoatchilik bilan ishlash usullari, emotsional zehn va boshqaruv ko‘nikmalari haqida atroflicha so‘z bordi.

“Zakovat” intellektual o‘yini ishtirokchilar uchun bilim va zehn sinovi, jamoaviy fikrlash va strategik tahlil maydoniga aylandi. Shu bilan birga, ishtirokchilar uchun Hamid Olimjon va Zulfiya, Sharof Rashidov muzeylariga ekskursiyalar uyushtirildi.
Forum doirasida ishtirokchilar Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida joylashgan “Agro In Vitro” zamonaviy agrokorxonasida ham bo‘lishdi. Bu yerda ular qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or innovatsion yondashuvlar bilan tanishishdi.

Korxona hududida 20,4 gektarlik maydonda ko‘chatchilik laboratoriyasi tashkil etilgan bo‘lib, unga 20 million dollar investitsiya jalb etilgan va 70 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgan.
Forum yakunida qatnashchilarning sohaga doir taklif va fikrlari ijtimoiy so‘rov shaklida o‘rganildi. Bu kelgusidagi chora-tadbirlarni yanada samarali va maqsadli tashkil etishda muhim manba sifatida xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri