2025 yil 16 dekabrdagi hukumat qarori bilan “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini aholi tomonidan baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, vakolatli organlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati va samaradorligi aholi tomonidan baholanadi. Bunda, asosiy mezon – xizmat ko‘rsatish sifati, xizmatning o‘z vaqtida ko‘rsatilgani, xizmatdan foydalanish imkoniyati qanday bajarilganiga e’tibor qaratiladi.
Baholovchi davlat xizmatidan foydalanganidan so‘ng maxsus QR-kodni skaner qilib, belgilangan mezonlar asosida 1 dan 5 gacha o‘z bahosi va fikrlarini qoldiradi.
Qoldirilgan 3 yoki undan past baho hamda salbiy fikrlar davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida vakolatli organlar hamda Adliya vazirligiga avtomatik yuboriladi.
Mazkur holatlarga sabab bo‘layotgan shart-sharoitlar vakolatli organlar tomonidan o‘rganilib, ularni bartaraf qilish choralari ko‘riladi.
Baholash natijalari yaxshilanishiga erishilmaganda, Adliya vazirligi tomonidan mas’ul xodimlarni davlat xizmatlari ko‘rsatishdan chetlashtirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatli organga taqdimnoma kiritiladi.
Baholash natijalariga ko‘ra davr, vakolatli organ va hududlar (viloyatlar va tuman (shahar) kesimida reyting shakllantirilib, har chorak, yarim yil va yil yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasiga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida e’lon qilib boriladi.
N.Abduraimova, O‘zA