Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmati faoliyatida yangi davr boshlandi
12:37 / 2022-08-09

Mamlakatimizda islohotlar yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Buni davlat va jamiyat qurilishining barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan sifat o‘zgarishlarida kuzatish mumkin. Yoshlar va kam ta’minlanganlar bilan ishlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlarni amalga oshirish, “mahallabay” ishlash orqali har bir oilaning muammolariga kirib borish shular jumlasidandir.

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan davlat xizmatini isloh qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda “30 yildan buyon keyinga surilib kelayotgan masalalar yechimiga qaratildi va 35 million aholimizning hayotini yengil qiladigan, kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan – davlat xizmatini isloh qilish hamda boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish” haqida so‘z bordi. Ta’kidlash joizki, bu darajada keskin va konstruktiv, har bir kattayu-kichik mansabdorga tegib ketadigan yig‘ilish bo‘lganligini eslamayman.  

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari davlat xizmatida 118 ming xodim mehnat qilayotganligi, xodimlarga samarali ishlashlari uchun munosib sharoitlar yaratilganligi, ular safini yosh kadrlar bilan to‘ldirish borasidagi sa’y-harakatlar muntazamlik kasb etganligi, ayniqsa, davlat xizmatida 40 yoshgacha bo‘lgan xodimlar soni 37 foizdan 61 foizga yetganligi, shunga qaramasdan, hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylanmaganligini alohida ta’kidladi. Bu keltirilgan raqamlarga e’tibor qaratilsa, davlat xizmatida mehnat qilayotgan kadrlar o‘z ustida tinimsiz ishlashi, bilimi va kasb salohiyatini muntazam oshirib borishi zarurligi, aholi bilan ishlash, murojaatlarga javob berish, insonlar psixologiyasini yaxshi bilish, shunga mos ravishda muomala va shaxslararo muloqot madaniyatini mukammal egallashi zarurligi ayon bo‘ladi.  

Yig‘ilishda ilgari surilgan muhim masalalardan biri so‘nggi 2 yil davomida chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tayyorlanganligidir. Ushbu qonun bilan belgilanayotgan yangi tizimning har bir idora va hudud kesimida qanday ishlashi, bu borada turgan ustuvor vazifalar tahliliy muhokama qilindi.  

Hozirgi kunda ko‘pgina davlat korxona, muassasa va tashkilotlariga xodimlarni ARGOS tizimida onlayn hujjatlar qabul qilish orqali ishga olish masalasi yo‘lga qo‘yilgan. Yig‘ilishda bundan buyon davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etilishi aytib o‘tildi. Shu munosabat bilan yil yakunigacha barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtirilishi, bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmasligi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkazilishi va ochiq tanlov orqali nomzodning bilim-tajribasi hamda salohiyati aniqlanishi ta’kidlandi.  

Albatta, bu tizim ishga qabul qilinadigan talabgorlar uchun katta imkoniyat yaratadi. Mazkur ishga qabul qilish jarayonida inson omili nolga tenglashtiriladi. Byurokratizmga ma’lum darajada barham beriladi. Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari yil yakunigacha ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimini barcha idoralarda joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.  

Albatta, o‘zim ham ikki yil davomida Oliy Majlis huzuridagi Yoshlar parlamentida faoliyat ko‘rsatib Oliy kengash deputati, Oliy kengash deputati yordamchisi, sektor rahbarlari, mahalla raisi va mahalla faollari bilan aholi, xususan, yoshlar bilan ishlash, mahalladagi muammolarni hal qilish bo‘yicha ma’lum tajriba to‘pladim, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, “Kelajak liderlari” klubida koordinator sifatida faoliyat ko‘rsatib, davlat xizmati, davlat xizmatchisining faoliyati qirralari, yoshlar bilan ishlash masalasida ma’lum bilim va tajribaga ega bo‘ldim. O‘ylaymanki, bularning barchasi kelajakda davlat xizmatida ma’lum vazifa va lavozimlarda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishda asos bo‘ladi.  

Yig‘ilishda men va men kabi yoshlarni quvontirgan masalalardan yana biri Prezidentimizning – har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliygohlardan boshlashi zarurligi, bu tajribani tizimli yo‘lga qo‘yish uchun har bir vazir va viloyat hokimi bir oy muddatda yosh mutaxassislarni tanlash dasturini e’lon qilishi, dastur doirasida oliygohlarning bitiruvchi kurslarida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o‘tashi va o‘qishni tamomlagach, tanlov asosida ishga qabul qilinishi, bunda, nafaqat o‘zimizdagi oliygoh talabalari, balki nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan yoshlarimiz ham qamrab olinishi masalasi bo‘ldi. Bu dastur albatta, istiqbolda davlat xizmatiga yosh, salohiyatli, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirgan kreativ fikrlovchi kadrlar kirib kelishiga keng yo‘l ochadi. 

Shu maqsadda 1 noyabrdan eski namunadagi “ob’ektivka”dan voz kechilib, ilg‘or IT-texnologiyalar asosida xodimning malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini baholaydigan tizimga o‘tilishi, xodimni baholashda qaysi oliygohni bitirgani yoki qayerda ishlagani emas, balki, qanday bilim-tajribaga egaligi va ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon bo‘lishi shartligi aytildi hamda “Oddiy qilib aytganda, rahbarlikka tacodifan kelib qolishning oldi olinadi”, dedi Prezident. 

Rivojlanib borayotgan iqtisodiyoti, siyosiy va ijtimoiy ravnaqi bilan dunyo hamjamiyatiga dadil kirib borayotgan O‘zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida boshlangan kadrlar siyosatini takomillashtirish borasidagi islohotlar yangi sifat bosqichiga kirdi. Endi yuzaki, quruq gap-so‘zlardan iborat hisobotlar, nutqlar bilan ham davlatimiz rahbarini, ham xalqimizni aldab bo‘lmaydi. Shunday ekan, davlat xizmatiga faqatgina sof vijdonli, yuksak bilim va dunyoqarashga ega, zamonaviy talablarga mos kadrlarning kirib kelishi xalqimizning farovonligi, yurtimizning ravnaqini jadallashtiradi, yoshlarning porloq kelajagini ta’minlaydi, mamlakatimiz obro‘si va nufuzini xalqaro maydonda yuksaklarga ko‘taradi. 


Zebiniso Ahmadova, 
“Kelajak liderlari” klubi koordinatori 

O‘zA