Bu savolga Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsenti Ma’rufjon Qurbonov javob beradi:
– Davlat xizmatchisi lavozim yo‘riqnomasida belgilangan vazifalarni yoki kasbiy majburiyatlarini amalga oshirgani sababli asossiz haqorat qilinmasligi, ularning shaxsi, huquq va erkinliklari qonuniy muhofaza qilinganini his qilishlari lozim.
Bu esa, o‘z navbatida, ularning amalga oshirayotgan kasbiy vazifalari samarador bo‘lishiga, qonunga xilof xatti-harakatlardan muhofaza qilinishi davlat tomonidan kafolatlanganiga ishonch uyg‘otadi. Aks holda, qaysi soha bo‘lmasin, davlat xizmatchilari o‘z kasbidan ko‘ngli sovushi, hafsalasi pir bo‘lishi turgan gap.
Shu ma’noda, birinchi navbatda, har bir davlat xizmatchisi, avvalo, shaxs sifatida sha’ni va qadr-qimmati qasddan kamsitilishidan muhofazalanish huquqiga ega. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida haqorat qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur turdagi qilmishni sodir etib, buning uchun javobgarlikka tortilgan shaxs bir yil ichida mazkur qonunga xilof harakatni yana qayta sodir etsa, bu shaxsga nisbatan endi jinoiy javobgarlik kelib chiqadi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 140-moddasida haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilangan. Unga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ekRC5OF7O08" title="Davlat xizmatchisini haqorat qilganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, mazkur moddaning uchinchi qismida agar jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda; xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan haqorat qilingan bo‘lsa, aybdorga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Aytib o‘tish kerakki, bunday jinoyatlar sodir etilganda, ayblanuvchiga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan bo‘lsa, qo‘shimcha taqiq o‘rnatadigan jazolar ham belgilanishi mumkin. Bunda, agar jinoyat Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilgan bo‘lsa, ayblanuvchining jinoyatga aloqador postlari o‘chirtirilishi, uning Internetdan foydalanishi cheklanishi yoki taqiqlashi ham mumkin.
N.Abduraimova,
Yo.Meliboyev (video), O‘zA