Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatchisi salohiyatini oshirish – davr talabi
14:27 / 2024-05-08

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 7 mingdan ziyod davlat xizmatchisi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Har bir sohada zamonaviy, yangicha yondashuvlarning tatbiq etilishi bilim va ko‘nikmalarni, kasbiy salohiyatni tizimli oshirib borishni taqozo etmoqda. Zero,  davlat xizmati jozibadorligi, samaradorligini ta’minlash ko‘p jihatdan davlat xizmatchisining kasbiy tayyorgarligi, bilim va ko‘nikmalariga bog‘liqdir.  

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatchilari o‘zining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shart ekanligi belgilangan. Bugungi kunda bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.  

Har bir davlat organi avvalo xalqimiz uchun xizmat qiladi. Shu bois bu tizimda ishlayotgan xodimlar vatanparvar, sadoqatli, tashabbuskor, bilimdon, yuksak madaniyatli, halol va o‘z kasbining ustasi bo‘lishi lozim. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali tomonidan 2021-2023-yillar davomida 6 mingdan ziyod davlat xizmatchisining malakasi oshirildi. Joriy yilning o‘tgan davrida Agentlik hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi Farg‘ona hududiy filiali hamkorligida mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat yuritayotgan 72 nafar o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbari hamda 186 nafar davlat xizmatchisining malakasi oshirilishiga ko‘maklashildi.  

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tashabbusi bilan viloyatdagi barcha tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlari, bosh mutaxassislari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.Ushbu o‘quv kurslari Farg‘ona politexnika instituti o‘quv bazasida tashkil etilib, 3 kunlik 18 soatga mo‘ljallangan qisqa muddatli o‘quv kurslari doirasida 114 nafar xizmatchi yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.  

Shu bilan birga, davlat xizmatchilarida ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va treninglar o‘tkazildi. O‘quvlar yakunida nomzodlarning bilim darajasi test sinovlari, shaxsiy va kasbiy ko‘nikmalari esa psixodiagnostik testlar orqali baholandi.  

Albatta, bu malaka oshirish jarayoni tizimli davom etadi. Zero, davlat xizmatchisining zimmasidagi vazifalar va mas’uliyat uni doimo o‘z ustida izlanishini, bilim va salohiyatini oshirishni talab qiladi.    

Mardon Siddiqov,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Farg‘ona viloyati filiali bosh inspektori.

O‘zA