English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatchisi o‘zini himoya qilishni ham bilishi kerak
15:43 / 2022-11-16

Mamlakat taraqqiyoti va ijtimoiy rivojlanishi davlat boshqaruvi tizimining samarali tashkil etilishiga bog‘liq.

Xo‘sh, mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati qanday kechmoqda?  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 oktyabr kuni «Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.  

Poytaxtimizda tashkil etilgan tadbirda davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari xususida so‘z bordi. Tadbirni adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov «Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan vazirlik va idoralarda amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi vazifalar xususidagi ma’ruzasi bilan ochib berdi.  

Qayd etilishicha, «Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror bilan «Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari» tasdiqlangan bo‘lib, davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnat faoliyati davomidagi hamda ishdan tashqari vaqtdagi xulq-atvorining umumiy qoidalari ham belgilab qo‘yilgan.  

Davlat xizmatchisi davlat organlarining huquqiy manfaatlarini himoya qiluvchi, uning tashkiliy-boshqaruv funksiyalarini bajaruvchi, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakatlarni amalga oshiruvchi hamda xizmat majburiyatlarini bajarmaganligi uchun javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan shaxsdir. «Davlat fuqarolik xizmati» esa davlat xizmatining asosiy turi bo‘lib, fuqarolarning davlat fuqarolik xizmati lavozimlarida, davlat organlari vakolatlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi, haq to‘lanadigan kasbiy faoliyat sanaladi.  

Mutaxassislarning ta’kidlashiga ko‘ra, ayrim lavozimlar uchun mehnat shartnomasi tuziladi, ayrimlari mehnat shartnomasini talab etmaydi.  

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri Prezident tomonidan tasdiqlanadi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yuritiladi. Reyestrga kiritilgan lavozimlarga davlat xizmatchilari ochiq tanlov asosida tayinlanadi. Shuningdek, davlat boshqaruvi tizimini to‘g‘ri isloh etish orqali mamlakatni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarni o‘z vaqtida samarali va sifatli amalga oshirishga erishishi mumkin.  

Qonunchilikka ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilarini haqorat qilganlik va unga tuhmat qilgan uchun hamda telekommunikatsiya yoki internet tarmoqlarida ham tuhmat yoki haqorat qiluvchi materiallar joylashtirilganligi uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilgan. Og‘irlashtiruvchi holatlarda ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun esa jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Shu bilan birgalikda davlat fuqarolik xizmatchisi o‘z haq-huquqlarini mukammal bilishi, har qanday vaziyatlarda o‘zini himoyalay olishi lozim.  

Davlat fuqarolik xizmatchisining belgilangan odob-axloq qoidalariga rioya qilish holati ularni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.  

 

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA