French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatchisi odob-axloq qoidalarini buzgani uchun qanday javobgarlik belgilanmoqda?
17:28 / 2021-12-13

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.


Qaror loyihasi keng muhokamalarga sabab bo‘lib, fuqarolardan shu bo‘yicha qator savollar o‘rtaga tashlanmoqda. Ushbu savollarga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:  

- Ushbu qarorni ishlab chiqish, davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini qabul qilishning dolzarbligi nimada?  

- Ushbu sohadagi normativ-huquqiy baza zamon talablariga javob bermaydi, davlat hokimiyati organlari qabul qilgan idoraviy odob-axloq qoidalarida belgilangan talablar tarqoq holda. Shu bois yagona kodeks ishlab chiqilishi nafaqat qulay, balki juda dolzarbdir.  

Shuningdek, Inson huquqlari deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktda ushbu hujjatlarni qabul qilgan davlatlar o‘z hududida yashovchi shaxslarning irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa e’tiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy va boshqa holatlardan qat’i nazar biror bir ayirmachiliksiz ularning huquqlarini ta’minlashi kerakligi belgilangan. 

Ushbu holatlarni inobatga olgan holda “Davlat” deganimizda biz kimni tushunamiz? Albatta, birinchi navbatda, davlat xizmatchilarini. Shu sababli ham ishimizda xolislikni ta’minlash va 130 dan ortiq millat va elatlardan, turli din va konfessiyalardan iborat aholimizga halol xizmat qilishimiz uchun ham bunday talab belgilanmoqda.  

Hujjat bilan barcha davlat xizmatchilari uchun majburiy bo‘lgan odob-axloq qoidalarining yagona standarti joriy qilinmoqda. 

Odob-axloq kodeksi loyihasi 6 bob, 53 moddadan iborat bo‘lib, davlat xizmatchilarining davlat organi va tashkiloti zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda rioya qilishi lozim bo‘lgan talablarni o‘z ichiga qamrab olgan. 

- Davlat xizmatchisi va davlat xizmati tushunchalari aniq qilib belgilab qo‘yilganligi aytilgan. Shu haqida ma’lumot bersangiz. 

- Kodeks loyihasida birinchi bor “davlat xizmatchisi” tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilmoqda: doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat tashkilotida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxs hamda mehnat shartnoma (kontrakt) asosida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqaruv xodimi. 

Shuningdek, Kodeksda davlat xizmati uch turga bo‘linmoqda.  

Birinchisi, davlat siyosiy xizmati – ichki va tashqi siyosatni belgilash hamda siyosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq davlat hokimiyati vakillik organiga saylanadigan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy xizmat faoliyati bo‘lgan davlat xizmatining bir turi (senatorlar, deputatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining xodimlari). 

Ikkinchisi, davlat fuqarolik xizmati – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat organlaridagi davlat fuqarolik lavozimlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi.  

Uchinchisi, davlat maxsus xizmati – O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlaridagi harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi hamda sud organlaridagi yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi. 

- Loyihada davlat xizmatchilarining odob-axloqiga rioya etilishini qaysi organlar nazorat qilishi belgilanganmi? 

- Albatta, belgilangan. Xususan, Kodeksda belgilangan talablarning davlat xizmatchilari tomonidan rioya qilinishi ustidan doimiy nazorat davlat organlari va tashkilotlarida tashkil qilinadigan odob-axloq komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha har bir davlat organlari va tashkilotlaridagi odob-axloq komissiyalarining faoliyati yuzasidan ma’lumotlarni yagona tizimlashtirilgan tartibda ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi zimmasiga yuklatilmoqda. 

- Ushbu kodeks davlat xizmatchisining faqat  ishda bo‘lgan vaqtdagi odob-axloq qoidalarini belgilaydimi? 

- Kodeks loyihasida davlat xizmatchilarning ishdagi va ishdan tashqaridagi kasbiy odob-axloq qoidalari ham belgilanmoqda. 

Xususan, davlat xizmatchilari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi hamda ular tomonidan o‘zlarining daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida yillik deklaratsiya qilish tartibi, davlat xizmatchilari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan, xizmatdoshlardan hamda xorijiy va mahalliy hududlarga xizmat safarlarida sovg‘alarni qabul qilishning aniq chegaralari, davlat xizmatchilarining korrupsiyaga oid xatti-harakatlarini sodir qilishga og‘dirishga urinishlarda, ular tomonidan tegishli tartibda tashkilotning vakolatli tarkibiy bo‘linmasiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishlari to‘g‘risida majburiyatlar belgilanmoqda. 

Shu bilan birga, davlat xizmatchilari Internet butunjahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlardan shaxsiy maqsadlarda foydalanish huquqiga ega. Biroq davlat tashkilotlarining nufuziga yoki boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatmasligi bo‘yicha talab belgilanmoqda. 

- Ushbu kodeksda davlat xizmatchilarining boshqa sohadagi shaxslar bilan munosabatlari tartibga solinganmi? 

- Mazkur kodeks loyihasida davlat xizmatchisining boshqa soha vakillari bilan xizmat munosabatlaridagi xizmat intizomi va odob-axloq qoidalari ham aniq qilib belgilab qo‘yilmoqda. 

Xususan, davlat xizmatchisi rahbar va boshqa lavozimdagi shaxslar bilan munosabatlarda bo‘ysinuv va o‘zaro hurmat qilishi, uchinchi shaxslar tomonidan davlat xizmatchisiga nisbatan har qanday ta’sir o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, davlat xizmatchilari o‘z vakolatlari doirasiga kirmaydigan masalalar yuzasidan rasmiy ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish berishga haqli emasligi va boshqalar. 

- Aytaylik, davlat xizmatchisi mazkur kodeksda belgilangan obod-axloq qoidalarini buzsa, qanday javobgarlik belgilanmoqda?  

- Ushbu kodeksda odob-axloq qoidalarini buzish holatlari va ularni ko‘rib chiqish tartibi belgilanmoqda. 

Davlat xizmatining nufuzini baholovchi mezonlardan biri jamoatchilikning fikri hisoblanadi. Shu bois davlat organining o‘z nufuzini yanada oshirish maqsadida fuqarolar bilan qayta aloqa mexanizmlaridan samarali foydalanishi zarur.  

Xususan, fuqarolar tomonidan davlat xizmatchisining Kodeksda belgilangan talablarga rioya qilmaslik holati hamda korrupsiyaga oid xatti-harakatlari yuzasidan murojaat va xabarlarni aloqa kanallari orqali qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi belgilanmoqda. 

Shuningdek, odob-axloq qoidalari buzilganligi to‘g‘risida xabar bergan shaxslarning daxlsizligi ta’minlanib, uning ta’qib qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi. 

Bundan tashqari, kodeks talablari buzilgan hollarda, sodir etilgan huquqbuzarlikning xususiyatiga qarab, mehnat qonunchiligi va davlat maxsus xizmatiga kiruvchi davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda ichki idoraviy hujjatlarga asoslangan holda intizomiy javobgarlikka tortish masalalari yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda amalga oshirish belgilanmoqda. 

Qayd etish kerakki, mazkur loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning (AQSH, Bolgariya, Serbiya, Argentina, Moldova, Rossiya, Qozog‘iston va boshqalar) davlat xizmatchilarining odob-axloq munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan yagona hujjat ko‘rinishida qabul qilingan qonunlar, farmonlar va boshqa turdagi normativ-huquqiy hujjatlari o‘rganildi.  

Qaror qabul qilinsa, barcha davlat tashkilotlaridagi ichki odob-axloq qoidalari mazkur hujjat asosida qayta ishlab chiqiladi hamda jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanadi.

N.Abduraimova, O‘zA