Davlat fuqarolik xizmatining samarali faoliyat yuritishi avvalambor, uni harakatga keltirib turgan insonlarga bevosita bog‘liq. Lekin ba’zida davlat fuqarolik xizmatchilarini tanlash, tayyorlash, o‘qitish, ularning malakasini oshirish va motivatsiya berish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmaganligi, davlat xizmatchilarining yetarli tarzda kompetentli emasligi sababli bugungi kunda ijro organlarida oqsoqliklar yuzaga kelmoqda.
Davlat fuqarolik xizmatchisining kompetentligi qanday oshiriladi? Albatta ularni o‘qitish, tayyorlash va malakasini oshirish orqali amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi qonunining bir nechta moddalarida davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, shu jumladan, malaka oshirishi yuzasidan normalar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan 2022 yil davomida Samarqand viloyati bo‘yicha 5260 nafar davlat fuqarolik xizmatchilarining an’anaviy va masofaviy shaklda malakasi oshirildi.
Bu viloyat bo‘yicha jami davlat fuqarolik xizmatchilarining 60 foizini tashkil etmoqda. Jumladan, yil davomida 512 nafar o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlari Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi Samarqand hududiy filialida 60 soatlik malaka oshirish kurslarida bilim, malaka va ko‘nikmalarini rivojlantirishga erishdi. Ushbu ko‘rsatkich viloyatdagi jami rahbarlarning 56 foizini tashkil etadi. 2023 yil yanvar oyidan boshlab tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlarining mutaxassislari uchun o‘z sohaviy yo‘nalishlari bo‘yicha qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Ushbu o‘quv kurslarida tinglovchilarga nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unlashgan holda o‘rgatilib, ularning davlat organi vakolatlarini lozim darajada amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan bilim, malaka va ko‘nikmalari rivojlantirilmoqda.
An’anaviy malaka oshirish kurslaridan tashqari, Agentlik tashabbusi bilan 2022 yildan e’tiboran Bosh ilmiy metodik markazning masofaviy malaka oshirish platformasi (BIMM) orqali 50 soatlik o‘quv kurslari tashkil etildi. O‘tgan yil mazkur masofaviy malaka oshirish kurslarida viloyat bo‘yicha 4748 nafar davlat fuqarolik xizmatchisi malaka oshirdi. Jumladan, 64 nafar tuman (shahar) sektor rahbari, 72 nafar milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan rahbarlar, 116 nafar salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlar (mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari hamda xotin-qizlar faollari), 44 nafar “Kelajak liderlari” klubi a’zolari hamda davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlarining xodimlari malaka oshirib, sertifikatga ega bo‘ldi. bugungi kunda masofaviy platforma orqali tuman va shahar hokimlarining 83 nafar o‘rinbosari va 67 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari malakasini oshirmoqda. Masofaviy platformaning qulayligi shundaki, unda davlat fuqarolik xizmatchilari kasbiy bilim va ko‘nikmalarini ishdan bo‘sh vaqtlarida mustaqil ta’lim shaklida rivojlantirishlari mumkin.
Kurs yakunida tinglovchilar tegishli namunadagi sertifikatni tizimning o‘zidan yuklab olishlari mumkin hamda davlat fuqarolik xizmatchisining malaka oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikat uning shaxsiy ma’lumotlar bazasida avtomatik tarzda ko‘rinadi. Shu tariqa, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalari mustaqil oshirib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatchilari uchun haftaning juma kunlari “Siyosiy (Ma’rifat) o‘quv soat” lari o‘tkazib kelinayotgan bo‘lib, unda mamlakatimizda va xorijda hafta davomida sodir bo‘lgan eng ahamiyatli yangiliklar, yangi qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning qisqacha mazmun-mohiyati, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati batafsil yoritiladi hamda hafta davomida mutolaa qilish uchun adabiyotlar tavsiya etiladi. Mazkur o‘quv soatlarini istalgan vaqtda ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borish imkoniyati mavjud.
Qolaversa, davlat xizmatchilari uchun ilm.argos.uz elektron platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, unda ham davlatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida dolzarb bo‘lgan mavzularda taqdimot va video darslar yuklab boriladi.
Ushbu platformada davlat fuqarolik xizmatchilari uchun ingliz tili, liderlik, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha kurslar bor. Ushbu imkoniyatlardan qay darajada foydalanish bu albatta tashkilotlarda faoliyat yuritib kelayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarining o‘zlariga bog‘liq. Sababi tashkilotdagi inson resurslari ishda unumdorlikka erishish maqsadida o‘z ustida tinimsiz ishlashi, shaxsiy va kasbiy rivojlanish ish rejalarini tuzib, ularga amal qilish choralarini ko‘rishi lozim.
Ra’no UMAROVA,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Samarqand viloyati filiali bosh inspektori O‘zA.