English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun
22:19 / 2025-04-19

Xorazm viloyatidagi Mahmud Zamaxshariy nomidagi Axborot-kutubxona markazida “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasiga start berildi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Xorazm filiali bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi turli sohada mehnat qilayotgan davlat xizmatchilari, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Xorazm  viloyati filiali va Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyat  axborot-kutubxona markazining o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumi imzolandi.  

– Mamlakatimizda aholi o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, kitob mutolasiga qiziqtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Endilikda viloyatdagi barcha davlat tashkilotlari va organlari hududiy boshqarmalarining 5000 mingdan ortiq xodimlari reja- grafik asosida kutubxonaga kelib kitoblar o‘qib, taqdimotlar bilan tanishib, shaxsiy rivojlanish bo‘yicha muhokamalar va tafakkur mashg‘ulotlarida qatnashadi, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Xorazm viloyat filiali bosh mutaxassisi Ibrat Qurbonov. – Bunday tashabbuslar davlat xizmatchilarining faol, intellektual va madaniy yetuk shaxs sifatida kamol topishiga xizmat qiladi.  

Darhaqiqat, ushbu tadbirni tashkil qilishdan asosiy maqsad ham viloyatimizda davlat xizmatchilarining kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish va faol  kitobxonlar safini kengaytirishdir.

– Ayni paytda kutubxonamizning umumiy fondi 650 mingga yaqin nusxani tashkil etadi, – deydi viloyat  axborot-kutubxona markazi bosh mutaxassisi Shuhrat Matkarimov. -  Ikki mingdan ortiq nodir kitob, 300 ga yaqin noyob qo‘lyozma saqlanmoqda. Tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar idora va tashkilotlarda kitobxonlik madaniyatini, oilaviy kitobxonlik an’analarini targ‘ib qilish, yoshlarni milliy adabiyotga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

[gallery-22915]

Tadbir davomida O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov bilan ma’rifiy suhbat ham tashkil etildi.  Unda xorazmlik olimlar, san’atkorlar, yozuvchi va shoirlar, shuningdek, faol  kitobxonlar ham ishtirok etdilar.

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari