Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga chek qo‘yilmoqda
12:20 / 2024-09-15

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlarini aniqlash yuzasidan o‘rganishlarni davom ettirmoqda.

Xususan, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizimidagi tashkilotlar o‘rganildi. Mazkur tuzilmalarda faoliyat yuritayotgan 107 nafar boshqaruv xodimi 116 ta tadbirkorlik sub’ektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.

Jumladan, Transport vazirligining 50 ta boshqaruv xodimi 55 ta tadbirkorlik sub’ektida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 37 ta boshqaruv xodimi 39 ta tadbirkorlik sub’ektida hamda Madaniyat vazirligining 20 ta boshqaruv xodimi 22 ta tadbirkorlik sub’ektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.  

Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga Agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnomalar ushbu vazirliklar tomonidan tanqidiy muhokama qilindi.  

Tadbirkorlik sub’ektlarida ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari bo‘lishi mumkin emas.  

«Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’ektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.

N.Abduraimova,

O‘zA