Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat xizmatchilarining nufuzi yanada ortadi
14:56 / 2022-02-22

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish borasidagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish bugungi kundagi eng muhim vazifalardan biri ekanligi, buning uchun kadrlarni tanlashda ochiq va oshkora tanlov tizimini joriy etish zarurligini ta’kidlab, bu borada qator vazifalarni belgilab bergan edi.

Ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida davlat fuqarolik xizmatini, shu jumladan, davlat idoralaridagi lavozimlarga nomzodlarni tanlashda ochiq, mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni ta’minlovchi mexanizm amaliyotga tatbiq etildi. Ayni kunda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyati filiali tomonidan tanlovlarni tashkil etilishi va o‘tkazilishi bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, 2021 yilda viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlaridagi mavjud 605 ta vakant shtat birligi bo‘yicha https://vacancy.argos.uz portalida tanlovlar e’lon qilindi. Vakant lavozimlar uchun besh ming nafardan ortiq talabgorning hujjatlari elektron shaklda qabul qilindi. Hujjatlarni o‘rganish, test va suhbat bosqichlari natijasiga ko‘ra, 346 nafar talabgor tanlov g‘olibi deb topildi. Tanlov g‘oliblari o‘zlari ish olib borayotgan davlat idorasida halollik tamoyilini mustahkamlash bilan birga, davlat xizmatchisi imidjini oshirib, kasbiga sadoqat hamda fidoyilik bilan professional tarzda faoliyat yuritayotganligini alohida ta’kidlash o‘rinli. 

2022 yil yanvar oyida davlat organlaridagi 170 ta vakant shtat birligi bo‘yicha test sinovi hamda suhbatlar o‘tkazish bo‘yicha tanlov komissiyalarining yig‘ilishlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, https://vacancy.argos.uz portali orqali viloyat karantin, xalq ta’limi, mahalla, veterinariya, yoshlar ishlari, maktabgacha ta’lim, moliya, soliq, transport, suv xo‘jaligi, madaniyat, iqtisodiyot tizimlaridagi 89 ta vakant shtat birliklari bo‘yicha onlayn hujjatlar qabuli davom etmoqda. Hozirda vakant lavozimlar uchun o‘tkazilayotgan tanlovlarni keng omma e’tiboriga yetkazish va jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida suhbat jarayonlarini https://www.youtube.com/ internet tarmog‘ida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritish yo‘lga qo‘yilgan.  

[gallery-5842]

– Agentligimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida yoshlar yetakchilarining ish faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha onlayn o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda, –  deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyati filiali rahbari o‘rinbosari M. Qo‘ldashev. – Mazkur o‘quv-seminarlarida yoshlar yetakchilari Yoshlar balansini shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformasiga kiritish, yoshlar bilan samarali ish tashkil qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar olmoqda, tajribalarini boyitmoqda. Bundan tashqari, Kelajak liderlari klubi a’zolariga, Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilariga faoliyatlarini samarali yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.  

Bir so‘z bilan aytganda, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarga tanlovlarning ochiq, shaffof tashkil etilishi va jamoatchilik nazoratining ta’minlanishiga, shuningdek, kadrlar faoliyatini muvofiqlashtirib borishga, eng asosiysi, davlat xizmatchilarining nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. 

F. UBAYDULLAEV, 
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA