Shu yil 15 may kuni qabul qilingan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi”da ta’lim muassasalaridagi farzandlarimizdan tortib 90 foiz davlat organlari, korxona va muassasalari xodimlarida ekologik madaniyatni yuksaltirishga oid qator vazifalar belgilab berildi. Jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, bunda innovatsion usullardan, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, aholining ekologik madaniyatini shakllantirish va yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish choralarini ko‘rish masalalari o‘z aksini topdi.

Konsepsiyada belgilangan shu kabi vazifalardan kelib chiqib, Toshkent shahar hokimligi binosida O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi, Ekologiya boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi davlat xizmatchilari uchun o‘quv kursi tashkil etildi.
O‘quv kursini O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari I.Qo‘chqorov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, ekologik sohada davlat xizmatchilarining mas’uliyati va roli muhim ekanligiga alohida urg‘u berdi.

Ishtirokchilarga bugungi kunda aholini tashvishga solayotgan asosiy ekologik muammolar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish yo‘llari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, atrof-muhitni asrash bo‘yicha ilg‘or tajribalar, ekologik qonunchilik talablari, aholining ekologik madaniyatini shakllantirishda samarali usullar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar jamiyatda ekologik madaniyatini yuksaltirish, borasda o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA