Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda zaxira kadrlariga kirgan davlat xizmatchilari uchun maxsus o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarda qayd etilganidek, zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlar davlat xizmatchilarini tayyorlashda yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Jumladan, raqamli texnologiyalar va davlat boshqaruvidagi yangi talablar boshqaruv kompetensiyasini rivojlantirishni davlat organlari faoliyati samaradorligining muhim omiliga aylantirmoqda. Mazkur seminar zaxira kadrlariga zamonaviy boshqaruv usullari va amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish imkoniyatini beradi.

Shunga ko‘ra, seminarda davlat xizmatchilarining siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, odob-axloq normalariga rioya qilish, zaxira kadrlari bilan doimiy ishlash hamda malaka oshirish va siyosiy bilimni kengaytirish kabi mavzular muhokama qilindi.

Seminar davlat xizmatchilariga zamonaviy boshqaruvdagi texnologik va metodologik yangiliklarni o‘zlashtirish, korrupsiyaga qarshi samarali usullarni qo‘llash hamda kadrlar zaxirasi bilan ishlash samaradorligini oshirish imkoniyatini taqdim etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA